O’zbekiston Prezidenti 2-3-noyabr kunlari amaliy tashrif bilan Qozog’istonda bo’ladi

O’zbekiston Prezidenti 2-3-noyabr kunlari amaliy tashrif bilan Qozog’istonda bo’ladi

TOSHKЕNT, 2-noyabr. /«Dunyo» AA/. O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog’iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan 2-3-noyabr kunlari Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig’ilishida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Ostona shahrida bo’ladi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko’ra, sammit kun tartibidan tashkilot doirasidagi ko’p tomonlama hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport-kommunikatsiya, ekologiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda yanada rivojlantirish masalalari o’rin olgan.

Delegatsiyalar rahbarlari xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashadilar.

Tadbirlar yakunida qator qo’shma hujjatlar qabul qilinishi ko’zda tutilgan.

Ta’kidlash joizki, joriy yilda Turkiy davlatlar tashkilotiga O’zbekiston Respublikasi raislik qilmoqda. Ko’p qirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan 100 dan ortiq muhim tadbir o’tkazildi.

Tashkilotga O’zbekiston, Ozarbayjon. Qozog’iston, Qirg’iziston va Turkiya a’zo, Vengriya va Turkmaniston tashkilotda kuzatuvchilardir.