Vaqtincha konsullik ro’yxati

Vaqtinchalik konsullik ro`yxatiga Bosh konsulxonaning konsullik okrugiga (Germaniyaning federal yerlari – Hessen, Baden-Wyurtemberg, Shimoliy Reyn-Vestfaliya, Bavariya va Saarland hamda Lixtenshteyn knyazligi) vaqtincha kelgan O’zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo’lmagan shaxslari olinadi:
– hukumatlararo bitimlar yoki kelishuvlar asosida xizmat safariga borgan;
– tahsil olish;
– davolanish uchun;
– mehnat faoliyati bilan shug’ullanish;
– oilaviy birlashish.
Vaqtinchalik konsullik ro’yxatidan o’tish uchun ariza beruvchi Bosh konsulxonaning konsullik okrugida qonuniy ravishda olti oydan ko`proq yashayotgan bo`lishi lozim.
Vaqtinchalik konsullik ro’yxatidan o’tish uchun konsullik yig’imi olinmaydi.
Vaqtinchalik konsullik roʻyxatidan oʻtish uchun ariza beruvchi shaxsan yoki pochta (Sizdan konvert ichiga Bosh konsulxona nomiga toʻliq ismingiz va familiyangiz, aloqa telefon raqamlari, elektron pochta manzilingiz koʻrsatishingiz hamda murojaat qilayotgan savolingizni qisqacha bayon qilinish kerak boʻlgan xatni yuborishingizni soʻraymiz. Imkon qadar, Bosh konsullik vakili telefon yoki elektron pochta orqali siz bilan bog’lanadi) orqali quyidagi hujjatlarni taqdim etishi lozim:

1. Anketa: ushbu xujjat O`zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslarni vaqtincha konsullik ro`yxatiga olish uchun to`ldiriladi (elektron anketa shaklida). Raqamli fotosurat bilan onlayn yuklangan har bir ustunda batafsil ma’lumotlarga ega to’liq to’ldirilgan anketa haqiqiy hisoblanadi;
2. Elektron anketaga ariza beruvchining fotosurati yuklanadi;
3. Elektron tarzda to`ldirilgan anketaga quyidagi hujjatlarning skanerlangan nusxalari ilova qilinadi:
pasport (biometrik, nobiometrik namunadagi), xorijga chiqish biometrik pasporti yoki harakatlanish hujjati;
16 yoshga to`lmagan bolalarning tug`ilganlik to`g`risidagi guvohnomasi (biometrik pasport, nobiometrik pasport, xorijga chiqish biometrik pasporti va harakatlanish hujjati bo`lmaganda);
ota-onasidan birining nobiometrik pasportidagi bola haqidagi ma`lumotlar kiritilgan sahifasi nusxasi (bola haqidagi ma`lumotlar ota-onasidan birining nobiometrik pasportiga kiritilgan holda xorijga chiqqan bo`lsa);
O`zbekiston Respublikasi fuqarosi va fuqaroligi bo`lmagan shaxsning xorijiy davlat qonunchiligi talablariga muvofiq (viza, yashab turish hujjati, vaqtincha yashashga ruxsatnoma, pasportdagi tegishli qaydlar, ma`lumotnomalar va shu kabilar) bo`lib turishining qonuniyligini tasdiqlovchi hujjat;
xorijga xizmat safariga chiqib ketgan O`zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslar uchun buyruq yoki xizmat safari guvohnomasining nusxasi;
xorijga o`qishga chiqib ketgan O`zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslar uchun o`qish joyidan ma`lumotnoma yoki boshqa tasdiqlovchi hujjatlar;
xorijga davolanishga chiqib ketgan O`zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslar uchun O`zbekiston Respublikasi yoki bo`lib turgan mamlakat tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan tibbiy hujjatlar (tibbiy ma`lumotnoma, tibbiy muassasa taklifnomasi va shu kabilar);
xorijga ishlashga chiqib ketgan O`zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslar uchun ish joyidan ma`lumotnoma yoki mehnat shartnomasidan nusxa;
nikoh tuzilganligi to`g`risida guvohnomaning (oilasi bilan birlashish maqsadida xorijga chiqib ketgan fuqarolar uchun) hamda voyaga yetmagan bolalarning tug`ilganlik to`g`risidagi guvohnomalari (birgalikdagi nikohdan bolalar bo`lganda) nusxalari.
4. Elektron anketa to`ldirilganidan va kerakli hujjatlar biriktirilganidan so`ng, kodni tasdiqlab “yuborish” belgisini bosish va kompyuter ekranida PDF shaklida elektron anketa paydo bo`lishi bilan uni bosmalash, qo`l qo`yish, sanani belgilash, kerakli xujjatlarni ilova qilish va hammasini pochta orqali Bosh konsulxonaga yuborish lozim.
5. Yuqoridagi hujjatlar Bosh konsulxonaga kelib tushgandan so‘ng, ariza va unga ilova qilingan hujjatlar diplomatik vakolatxona tomonidan ko‘rib chiqiladi va ijobiy javob olgandan so‘ng arizachiga vaqtinchalik konsullik ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi xabarnoma yuboriladi va unda quyidagi ma`lumotlar mavjud buladi: shtrix-kod, ariza beruvchining to`liq ism-sharifi, konsullik ro`yxatining turi (vaqtincha), ro`yxatga olish raqami va sanasi, konsullik ro`yxatiga qabul qilgan xorijdagi muassasaning nomi.
6. Olingan xabarnomani bosmalab, pasportning ichida saqlash lozim.
7. Agar taqdim etilgan hujjatlar o`rnatilgan talablarga javob bermasa, ariza beruvchiga 3 kun ichida yetishmayotgan hujjatlarni yuborish yoki boshqa tegishli ma`lumot to`g`risida xabar keladi.

Shavkat Miromonovich Mirziyoyev Präsident der Republik Usbekistan
Eschenheimer Anlage 1, 60316 Frankfurt am Main Deutschland,
frankfurt@gk-usbekistan.de