TOSHKENT, 12-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, suhbat avvalida davlatimiz rahbari Abay viloyati hududida ro‘y bergan o‘rmon yong‘ini oqibatida insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan Prezident Qasim-Jomart Toqayev va qardosh Qozog‘iston xalqiga chuqur hamdardlik va dalda so‘zlarini izhor etdi. Tabiiy ofatga qarshi kurashish va uning oqibatlarini bartaraf etishda O‘zbekiston barcha zarur yordamni ko‘rsatishga tayyor ekani taʼkidlandi.
Prezidentlar O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yana-da mustahkamlashning dolzarb masalalarini ham muhokama qildilar.
Savdo, sanoat, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Avvalroq, davlatimiz rahbari Qozog‘istonning Abay viloyatida sodir bo‘lgan yirik o‘rmon yong‘inlari oqibatida insonlar halok bo‘lgani va katta ziyon ko‘rilgani munosabati bilan Prezident Qasim-Jomart Toqayev va qardosh Qozog‘iston xalqiga taʼziya yo‘lladi.