O‘zbekiston Prezidenti huzurida “Ipoteka-bank” aksiyalarining davlat ulushini Vengriya moliya tuzilmasi tomonidan sotib olish to‘g‘risidagi bitimni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Prezidenti huzurida “Ipoteka-bank” aksiyalarining davlat ulushini Vengriya moliya tuzilmasi tomonidan sotib olish to‘g‘risidagi bitimni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi

TOSHKENT, 12-dekabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Vengriyaning eng yirik “OTP” banki boshqaruvi raisi Shandor Chanini qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati  maʼlumotiga ko‘ra, oliy darajadagi muntazam uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarga muvofiq Vengriya kompaniyalari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish hamda qo‘shma kooperatsiya loyihalarini ilgari surish masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari Shandor Chanini “Ipoteka-bank” aksiyalarining davlat ulushini xarid qilish bo‘yicha bitim muvaffaqiyatli yakuniga yetkazilgani va Yevropaning yetakchi bank-moliya instituti O‘zbekiston bozoriga kirib kelgani bilan samimiy tabrikladi.

Uchrashuvda O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida, shu jumladan sanoat, qishloq xo‘jaligi, bog‘dorchilik va parrandachilik, oziq-ovqat va to‘qimachilik, farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish va boshqa sohalarda investitsiya loyihalarini amalga oshirishga Vengriya va Yevroittifoqning boshqa mamlakatlaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Bundan tashqari, oliy taʼlim va professional kadrlar tayyorlashda, shuningdek, aholiga ko‘rsatilayotgan bank xizmatlari sifatini oshirishda yaqindan hamkorlik qilish muhimligi taʼkidlandi.

Qo‘shma loyihalar va hamkorlik dasturlarini qo‘llab-quvvatlash va ilgari surishga doir birinchi galdagi chora-tadbirlardan iborat «yo‘l xaritasi»ni qabul qilishga kelishib olindi.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari huzurida “OTP” banki tomonidan “Ipoteka-bank” aksiyalarining davlat ulushini sotib olish to‘g‘risidagi bitimni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.