TOSHKENT, 4 avgust. /“Dunyo” AA/. Kecha O‘zbekistonning Shvetsiyadagi yangi elchixonasining birinchi diplomati Stokgolmga yetib bordi, deb xabar bermoqda “Dunyo” muxbiri.
Diplomatik missiya maslahatchisi lavozimiga tayinlangan Nodir G‘aniyev O‘zbekiston Respublikasining Shvetsiya Qirolligidagi Muvaqqat ishlar vakili vazifasini bajaradi.
U Farg‘ona shahrida tug‘ilgan, 50 yoshda. 1993 yil Toshkent davlat universitetini (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) filolog-sharqshunos mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. 1994 yildan buyon Tashqi ishlar vazirligi tizimida faoliyat yuritib, markaziy apparatda va mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida turli lavozimlarda ishlagan.
Shvetsiyaga jo‘nab ketishdan oldin u Tashqi ishlar vazirligining Yevropa mamlakatlari va YEI institutlari bilan hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.
Ingliz, arab, rus va fransuz tillarini biladi.
Eslatib o‘tamiz, Stokgolmdagi diplomatik vakolatxona O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi 36-elchixonasi bo‘ladi.