O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov SHHT TIVK yig‘ilishidagi maʼruzasida SHHT makonida barqarorlikni taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
– So‘nggi voqealar SHHTning jo‘g‘rofiy yadrosi bo‘lgan Markaziy Osiyoda barqarorlik va taraqqiyotni taʼminlashning alohida ahamiyatini yana bir bor tasdiqlaydi, – dedi O‘zbekiston TIV rahbari. – Kuni kecha Cho‘lpon-Ota shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi natijalari mintaqa davlatlari Markaziy Osiyoda tinchlik, xavfsizlik va taraqqiyotni taʼminlash maqsadida ishonchli hamda o‘zaro manfaatli munosabatlarni yana-da mustahkamlashga qatʼiy qaror qilganidan dalolat beradi.
Shubha yo‘qki, Markaziy Osiyodagi ijobiy jarayonlar SHHT makonini barqarorlik, taraqqiyot, farovonlik va samarali hamkorlik mintaqasiga aylantirishga xizmat qiladi.