Noyabrda “Samarkand Half Marathon” xalqaro xayriya yarim marafoni bo‘lib o‘tadi

Noyabrda “Samarkand Half Marathon” xalqaro xayriya yarim marafoni bo‘lib o‘tadi

“Samarkand Half Marathon” yarim marafoni Respublikada alohida ehtiyojli kishilar uchun qulay va inklyuziv muhit yaratishga qaratilgan boshqa tadbirlar bilan birga muhim tadbirga aylanib ulgurgan. Ushbu loyiha sport orqali biz inklyuzivlik masalalariga keng jamoatchilik eʼtiborini jalb qila olishimizni namoyon qilmoqda.

Bu yilgi xayriya yarim marafoni juda muhim mavzulardan biri – autizm bilan kasallangan odamlar muammosiga qaratilgan. Tadbirda autizm kasaliga chalinganlar uchun inklyuziv muhit yaratish va ularning mamlakatimiz ijtimoiy va madaniy hayotiga qo‘shilishi masalalari ko‘rib chiqiladi. Yarim marafondan tushgan mablag‘ autizm bilan kasallangan bolalar uchun O‘zbekistondagi maktab-internatlardan birida bolalar badiiy studiyasini yaratishga safarbar qilinadi.

Yugurish virtual formatda har bir ishtirokchiga ixtiyoriy masofani bosib o‘tish imkoniyati bilan, shuningdek Shimoliy yurish uslubida o‘tkaziladi. 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar, bolalar yugurishida ishtirok etishlari mumkin. Bu galgi marafon xam madaniy tadbirlarga boy bo‘lishi nazarda tutilgan. Musobaqaning rasmiy veb-saytida nafaqat ishtirokchilar, balki aholi uchun ham musiqiy va taʼlim dasturlari mavjud bo‘lib, ularda xalqaro ekspertlar autizm va autizm bilan kasallangan odamlarni jamiyatga to‘g‘ri integratsiyasi mavzusida maʼruzalar va mahorat darslari o‘tkazadilar.

Joriy yilgi voqealar tufayli yugurish Samarqand shahrida o‘tkazilmaydi, ammo endilikda dunyoning istalgan nuqtasidan xayriya marafonimizda ishtirok etish va qo‘llab-quvvatlash imkoni paydo bo‘ldi. Yarim marafonda ishtirok etish uchun quyidagi veb-saytida ro‘yxatdan o‘ting: https://samarkandhalfmarathon.uz/