Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining toʻrtinchi yalpi majlisi toʻgʻrisida AXBOROT

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining toʻrtinchi yalpi majlisi toʻgʻrisida AXBOROT

2020-yil 11-may kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining toʻrtinchi yalpi majlisi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining toʻrtinchi yalpi majlisi toʻgʻrisida AXBOROT

Unda hukumat aʼzolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Videokonferensaloqa tarzida oʻtkazilgan ushbu yalpi majlisni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Senat aʼzolari tomonidan 20 ta masala, shu jumladan, 10 ta qonun koʻrib chiqilgan yalpi majlis ishi Oliy Majlis Senatining veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali hamda “Uzreport” telekanalida toʻgʻridan-toʻgʻri namoyish etildi.

Dastlab senatorlar “Salomatlik” ordenini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi hamda “Sogʻlom turmush” medalini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarini muhokama etishdi.

Dunyo miqyosida koronavirus pandemiyasi davom etayotgan bir vaqtda mamlakatimizda davlatimiz rahbari rahnamoligida tezkor va muhim choralar amalga oshirilib, fidoyi shifokorlar, ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlari, saxovatpesha insonlar, karantin sharoitida xalqimiz matonati bilan pandemiyani jilovlashga muvaffaq boʻlinmoqda. Shu munosabat bilan “Salomatlik” ordenini taʼsis etishni davrning oʻzi taqozo etmoqda.

Ushbu orden ikki darajadan iborat boʻlib, I darajali “Salomatlik” ordeni bilan tibbiyot sohasini rivojlantirish, zamonaviy talablar asosida takomillashtirish va aholi salomatligini mustahkamlash ishlariga munosib hissa qoʻshganlar taqdirlanadi. II darajali orden bilan esa aholi salomatligini muhofaza qilish, turli kasalliklarning barvaqt oldini olish va bartaraf etishda faol ishtirok etgan shaxslar mukofotlanadi.

Xuddi shuningdek, aholi orasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilishni keng targʻib qilish, jismoniy tarbiya va badantarbiyani kundalik turmush tarziga aylantirib, jamoatchilikka shaxsiy namuna boʻlayotgan hamyurtlarimiz xizmatlarini eʼtirof etish maqsadida “Sogʻlom turmush” medali taʼsis etilmoqda.

“Salomatlik” ordeni hamda “Sogʻlom turmush” medali bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.

Mazkur qonunlar senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Shundan soʻng Senat aʼzolari “Faxriy murabbiy” ordenini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini koʻrib chiqdi. Ushbu Qonunga ilova sifatida “Faxriy murabbiy” ordeni toʻgʻrisida nizom hamda ordenning tavsifi tasdiqlangan.

Nizomga koʻra “Faxriy murabbiy” ordeni bilan yoshlarni ona Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, yosh isteʼdod egalarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning bilim va qobiliyatlarini yana-da rivojlantirishga munosib hissa qoʻshgan yurtdoshlarimiz taqdirlanadi.

Qolaversa, mazkur orden oʻzining chuqur bilim va boy hayotiy tajribasi bilan yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish va aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish borasida shaxsiy namuna koʻrsatib kelayotgan, davlat va jamiyat oldidagi yuksak xizmatlari bilan alohida eʼtibor qozongan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ham mukofotlanishi mumkin. Senat aʼzolari ushbu Qonunni maʼqulladi.

Parlament yuqori palatasi aʼzolari toʻrtinchi yalpi majlis doirasida “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini koʻrib chiqishdi.

Mazkur Qonun Prezidentimizning “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda “Koronavirus pandemiyasi davrida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti barqarorligini taʼminlash va birinchi navbatdagi tadbirlarni oʻz vaqtida moliyalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq qabul qilingan.

Qonunning qabul qilinishi koronavirus pandemiyasi va global inqiroz davrida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining barqarorligini taʼminlash va ustuvor yoʻnalishlarini inobatga olgan holda xarajatlarni optimallashtirish maqsadlariga xizmat qiladi.

Farmonga muvofiq Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi tashkil etilganligi munosabati bilan respublika byudjetidan ajratiladigan mablagʻlarning chegaralangan miqdorlariga oʻzgartirishlar kiritilib, Qonunning 5-ilovasi yangi tahrirda berilmoqda.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining qarorlariga asosan ayrim davlat boshqaruv organlari tuzilmasida maʼmuriy oʻzgartirishlar amalga oshirilganligi, shuningdek, yillik byudjet toʻgʻrisidagi qonun birinchi marta joriy etilishi munosabati bilan amaliyotda yuzaga kelayotgan ayrim holatlardan kelib chiqib, boshqa oʻzgartirishlar ham kiritish zarurati paydo boʻlgan.

Shuningdek, Prezidentimizning qaroriga asosan respublika hamda mahalliy byudjetlardan amalga oshiriladigan xarajatlarni qisqartirish yuzasidan tegishli tadbirlar belgilangan va ular ijrosining huquqiy asoslari Qonunda belgilangan. Xususan, respublika byudjetidan advokatlar tomonidan yuridik yordam koʻrsatilganligi uchun haq toʻlash, fermer xoʻjaliklari tomonidan isteʼmol qilinadigan elektr energiyasi qiymatini qoplash uchun hamda nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun beriladigan subsidiyalar mahalliy byudjetlar orqali moliyalashtirishi belgilanayotganligi sababli hududiy byudjetlarga beriladigan transfertlar koʻpaytirilmoqda.

Qonun bilan koronavirus pandemiyasi va global inqiroz davrida Davlat byudjetining barqarorligini taʼminlash maqsadida byudjet xarajatlari optimallashtirilmoqda hamda ustuvor yoʻnalishlarga, yaʼni koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish va uning iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlarga safarbar qilinishi nazarda tutilgan. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Soʻngra “Yer uchastkalarini noqonuniy olib qoʻyganlik uchun javobgarlik kuchaytirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni koʻrib chiqildi.

Qonun bilan Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi, shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Jinoyat kodeksi “Yer uchastkalarini olib qoʻyish tartibini buzish” uchun javobgarlik belgilangan besh qismdan iborat 1731-moddasi bilan toʻldirilmoqda. Ushbu moddaning birinchi qismiga koʻra, yer uchastkalarini olib qoʻyish tartibini buzish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan ikki yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy ishlar yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazo belgilash nazarda tutilmoqda.

Moddaning ikkinchi qismida esa javobgarlikni ogʻirlashtirilgan holatlar koʻrsatilgan boʻlib, yer uchastkalarini olib qoʻyish tartibini buzish — olib qoʻyilayotgan yer uchastkasidagi bino, boshqa imorat, inshoot yoki dov-daraxtlar yoxud ularning qismlarini, zararning oʻrni mazkur mol-mulkning bozor qiymati boʻyicha oldindan va toʻliq qoplamagan holda buzib tashlashga sabab boʻlsa, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin yoki ancha miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilsa, muayyan huquqdan cheklangan holda uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Moddaning uchinchi qismida xuddi shunday harakatlar koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa, aybdor uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish va toʻrtinchi qismiga muvofiq, xuddi shunday harakatlar koʻpchilik uchun xavfli boʻlgan usulda yoki juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa, besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi yer uchastkalarini olib qoʻyish uchun javobgarlik koʻrsatilgan 613-moddasi bilan toʻldirilmoqda.

Qonunning qabul qilinishi yer uchastkasini olib qoʻyish tartibiga rioya etmaganlik hamda buning oqibatida mulkdorlarga zarar yetkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish orqali fuqaro va tadbirkorlik subyektlarining mulk huquqi kafolatlari hamda qonuniy manfaatlarini taʼminlashga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Shundan keyin “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga jinoyat protsessida ishtirok etuvchi fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilishni kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ham muhokama markazida boʻldi.

Qonun bilan oʻta ogʻir jinoyatlar boʻyicha hodisa sodir boʻlgan joyni koʻzdan kechirish, tintuv, koʻrsatuvlarni hodisa sodir boʻlgan joyda tekshirish, tergov eksperimenti, shaxsni ushlash, himoyachidan voz kechish, shaxsni ushlash jarayonida oʻtkaziladigan shaxsiy tintuv va boshqa jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxsga nisbatan qoʻllaniladigan protsessual harakatlarni videoyozuv orqali qayd etish shartligi belgilanmoqda.

Alohida qayd etish joizki, himoyachidan voz kechish jarayoni majburiy tartibda videoyozuv orqali qayd etilishi nazarda tutilmoqda. Oʻz navbatida videoyozuv materiallari bayonnomaga ilova qilinadi. Shu bilan birga, himoyachining himoya ostidagi shaxs bilan xoli uchrashishining videoyozuv orqali qayd etilishiga yoʻl qoʻyilmasligi belgilandi.

Qonunning qabul qilinishi jabrlanuvchilar, guvohlar va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarining huquq va erkinliklarining himoya qilishini mustahkamlaydi. Senatorlar Qonunni maʼqulladi.

Soʻngra “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim boʻlgan shaxslar – Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining roʻyxati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni koʻrib chiqildi.

Qayd etilganidek, mazkur Qonunda tizimni isloh qilishga qaratilgan yangiliklar nazarda tutilmoqda. Xususan, “doimiy propiska” soʻzlari “yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olish” soʻzlariga almashtirilmoqda. Bundan tashqari, fuqarolarga nafaqat birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlari yashab turgan manzilga, balki ularning egaligida boʻlgan boshqa manzildagi uy-joy maydoniga ham doimiy roʻyxatga turish imkoniyati yaratilmoqda. Qolaversa, er-xotinning nikohdan keyin bir yil davomida birgalikda yashash sharti va bir yil ichida nikoh bekor qilingan taqdirda propiskani yoʻqotish boʻyicha qoidalar bekor qilinmoqda.

Oliy Majlis palatalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi tomonidan yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda lavozimlarga saylangan, tayinlangan, tasdiqlangan fuqarolar hamda davlat hokimiyati organlariga, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlariga ishga taklif etilayotgan yuqori malakali mutaxassislar, tor ixtisoslikdagi mutaxassislar, shuningdek, ularning oila aʼzolari belgilangan tartibda doimiy propiska qilingandan soʻng, ular boshqa ishga oʻtishi yoki lavozimdan ozod etilishi yashash joyi boʻyicha doimiy roʻyxatdan chiqarilishga olib kelishiga oid qoida chiqarib tashlanmoqda.

Davlat hokimiyati organlarida, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarida hamda boshqa davlat tashkilotlarida uzluksiz besh yil va undan ortiq boʻlgan davr mobaynida mehnat faoliyatini olib borayotgan xodimlar (texnik, xizmat koʻrsatuvchi va ishlab chiqarish xodimlaridan tashqari) tegishli organ yoki tashkilot rahbarining maʼlumotnomasiga koʻra, shuningdek, ularning oila aʼzolariga doimiy roʻyxatga turish boʻyicha yangi band kiritilmoqda.

Mazkur Qonunning qabul qilinishi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining poytaxtda doimiy roʻyxatga olinishi tartib-taomillari liberallashtiriladi. Senatorlar tomonidan Qonun maʼqullandi.

Shundan keyin Senat aʼzolari “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga tomorqa yer uchastkalaridan oqilona foydalanilishini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish haqida”gi Qonuni muhokama qildi.

Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks

yerga egalik qiluvchining taklifiga asosan belgilangan qishloq xoʻjaligi ekinlarini ekish haqida rasman ogohlantirilganligiga qaramay tomorqa yer uchastkasidan asossiz ravishda oqilona foydalanmaganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi 651-modda bilan toʻldirilmoqda.

Biroq ushbu norma amaliyotda turlicha talqin qilinishiga olib kelishi mumkin. Jumladan, undagi tomorqa yer uchastkasidan “asossiz ravishda” yoki “oqilona” foydalanmaslik yoxud “samarasiz” foydalanish kabi tushunchalar qonun hujjatlarida ochib berilmagan. Bu esa tegishli idoralar tomonidan javobgarlikka tortishda korrupsiya va boshqa suiisteʼmolliklarga zamin yaratadi.

Hozirgi kunda davlatimiz rahbarining koʻrsatmasiga asosan ishlab chiqilayotgan “Shaxsiy tomorqa xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasida yuqoridagi kabi qonun hujjatlarimizda mavhum boʻlgan tushunchalarni ochib berish, shaxsiy tomorqadan samarali foydalanish va aholi daromadini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilayotgan qoʻshimcha tez kunlarda oʻzining dolzarbligi va ahamiyatini ham yoʻqotadi. Shu jihatdan Qonunni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Soʻngra “Davlat boji toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni koʻrib chiqildi.

Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi va respublikaning boshqa mintaqalarida doimiy propiskaga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi yangi qurilgan uylarda koʻchmas mulk oldi-sotdisi shartnomalarini rasmiylashtirish uchun davlat bojining alohida stavkasi bekor qilinmoqda.

Bundan tashqari, notarial amaliyotda, xususan, bitimlarni tasdiqlaganlik va meros ishlarini rasmiylashtirganlik uchun davlat bojini undirishning oʻziga xos xususiyatlariga aniqlashtiruvchi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda. Notarial harakatlarni amalga oshirganlik uchun esa undiriladigan ayrim davlat boji toʻlovlaring miqdorlari optimallashtirilmoqda.

Shu bilan birga, “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq litsenziya berganlik va uning amal qilish muddatini uzaytirganlik uchun davlat boji undirilishi boʻyicha Qonunga tegishli qoʻshimcha kiritilmoqda.

Shunga koʻra, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunga advokatlik tuzilmalari, ularning taʼsis hujjatlariga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar, yuridik maslahatxonalarning nizomlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazganlik hamda yuridik maslahatxonalarni hisobga olganlik uchun undiriladigan davlat boji stavkalari boʻyicha qoʻshimcha kiritilmoqda.

Qonunning qabul qabul qilinishi davlat boji stavkalari optimallashtirilishi va davlat bojini undirishning oʻziga xos xususiyatlari aniqlashtirilishiga xizmat qiladi. Senatorlar Qonunni maʼqulladi.

Soʻngra “Noshirlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini koʻrib chiqildi.

Qayd etilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 16-martdagi “Noshirlik va matbaa sohasini yana-da rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida 2020-yil 1-iyuldan boshlab noshirlik faoliyatini litsenziyalash hamda matbaa faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsat berish tartiblarini bekor qilib, noshirlik va matbaa faoliyatini boshlaganligi haqida vakolatli davlat organini xabardor etish tizimini joriy qilish belgilangan. Ushbu qaror talablaridan kelib chiqib, qonundagi litsenziyalash bilan bogʻliq normalarni chiqarib tashlash talab etiladi.

Shuningdek, senatorlar qonunda elektron noshirlik mahsulotini tayyorlash va tarqatish tartibini nazarda tutuvchi normalar mavjud emasligiga eʼtibor qaratishdi. Bundan tashqari, mamlakatimizda diniy mazmundagi materiallarni tayyorlashga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita tomonidan oʻtkazilgan ekspertizadan keyingina yoʻl qoʻyiladi. Qonunni shu nuqtayi nazardan yangi normalar bilan toʻldirish zarur, deb topildi.

Yuqoridagilarga asoslanib, “Noshirlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Shundan soʻng senatorlar Oʻzbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII) bilan hamkorligi masalasini koʻrib chiqishdi.

Avval xabar berilganidek, Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar va hisob-kitoblar Senat qoʻmitalari va maxsus ishchi guruhi yigʻishlarida yetakchi ekspert va mutaxassislarning ishtirokida chuqur tahlillar asosida muhokama qilindi.

Bundan tashqari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar hamda tuman va shahar Kengashlari tomonidan ham muhokama qilindi. Yalpi majlisda ham ushbu masala qizgʻin bahs-munozaralarga sabab boʻldi.

YEOII doirasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish tarafdorlarining fikriga koʻra, ushbu tashkilot bilan hamkorlik tashqi savdo hajmining oʻsishi, mamlakatimizda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish, hududiy klasterlar, sanoat va savdo zonalarini tashkil etishda mintaqalararo aloqalarni rivojlantirish imkoniyatlarini yana-da kengaytiradi.

Shu bilan birga, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini YEOIIga aʼzo davlatlarga bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirmasdan eksport qilish imkoniyati yaratiladi.

Yana bir eʼtiborli tomoni shundaki, YEOII bilan hamkorlik transport-kommunikatsiya va yuklar tranziti sohasidagi manfaatlariga ijobiy taʼsir qiladi. YEOIIga aʼzo davlatlarda oʻz mehnat faoliyatini olib borayotgan fuqarolarimizga keng imkoniyat yaratadi.

Oʻzbekistonning YEOIIda “kuzatuvchi davlat” sifatida ishtirok etishi mazkur tashkilot doirasida olib borilayotgan ishlardan xabardor boʻlishi va natijada tahlillar asosida toʻgʻri xulosa qilish imkonini beradi.

Qarshi ovoz bergan senatorlar iqtisodiyotimizning qator tarmoqlarida ishlab chiqarish surʼatlarining pasayishi, muayyan darajada ish oʻrinlarining yoʻqotilishi, investitsiya faoliyati va sanoat modernizatsiya jarayonlarining sustlashishiga olib kelishi mumkinligini bildirishdi. Shuningdek, muayyan davrda mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari narxlarining oshishi, ularning raqobatbardoshligiga salbiy taʼsir qilishi hamda ichki bozorda import mahsulotlari hajmi koʻpayishini ham taʼkidlashdi. Bundan tashqari, respublikaning savdo saldosi va toʻlov balansi holati yomonlashishi xavfi borligi qayd etildi. Mamlakatimiz manfaatlari uchun Jahon savdo tashkilotiga aʼzolik masalasi dolzarbroq ekanligi ham aytib oʻtildi.

Qizgʻin va ochiq munozara yakunida senatorlar Oʻzbekiston Respublikasining YEOIIda “kuzatuvchi davlat” maqomida ishtirok etish taklifini maʼqullashdi.

Mazkur masala boʻyicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Kun tartibidagi navbatdagi masala 2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2020-yil birinchi choragidagi ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti koʻrib chiqildi.

Taʼkidlash joizki, umumiy qiymati 18,2 trln. soʻm va 10,3 mlrd. AQSH dollariga teng loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan Davlat dasturi ijrosini taʼminlash va doimiy monitoring qilib borish yuzasidan Hukumatda yaxlit tizim yaratilgan. Pandemiya davrida respublikada makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiyot tarmoqlarining uzluksiz ishlashini taʼminlash, aholi daromadlari keskin pasayib ketishining oldini olish maqsadida Moliya vazirligi huzurida 10 trln. soʻm miqdoridagi Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi tashkil etilib, qator amaliy chora-tadbirlar koʻrilgan.

Dasturga muvofiq joriy yilning birinchi choragida amalga oshirilishi belgilangan 15 ta banddan 3 tasining bajarish muddati uzaytirilgan. Ushbu masala boʻyicha tegishli qaror qabul qilindi.

Soʻngra senatorlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) 2019-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotini eshitdi.

Taʼkidlanganidek, Vakil va uning mintaqaviy vakillari tomonidan 8 ta asosiy soha boʻyicha ishlar qilingan. Xususan, inson huquqlari toʻgʻrisidagi milliy qonun hujjatlarini takomillashtirish, unga rioya etilishini monitoring qilish, fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqish, aholi va davlat organlari vakillari huquqiy ongi va xabardorligini oshirish borasida muhim chora-tadbirlar amalga oshirilgan.

Bundan tashqari, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida xalqaro hamkorlik qilish, jazoni ijro etish muassasalariga muntazam kirib turish orqali qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish sohasida qator ishlar qilingan. Monitoring davomida qamoqda saqlanayotgan shaxslar bilan jamoaviy 3000 dan ortiq uchrashuvlar va 248 kishi bilan yakka tartibda suhbatlar oʻtkazilgan.

Shuningdek, majlisda senatorlar tomonidan Ombudsmanning hisoboti tanqidiy-tahliliy tarzda koʻrib chiqildi. Jumladan, Vakil tomonidan shikoyatlarni koʻrib chiqish uchun viloyat hokimliklariga 773 ta soʻrov xati yuborilgan boʻlsa-da, ularning 180 dan ortigʻiga oʻz vaqtida javob berilmagan. 134 ta soʻrovga respublika vazirlik va idoralari tomonidan munosabat bildirilmagan. Ushbu masalalarga masʼuliyatsizlik bilan yondashgan vazirlik va idoralarga tegishli chora koʻrish yuzasidan Parlament palatalariga tegishli tartibda maʼlum qilinishi zarurligi borasida soʻz yuritildi.

Shu bilan birga, huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan jinoyatda gumon qilinuvchilar va mahkumlarga nisbatan noqonuniy taʼsir choralari koʻrilganligi toʻgʻrisida 138 ta shikoyat kelib tushganligi, bunday salbiy holatlarning nafaqat oqibatlariga chora koʻrish bilan cheklanish, balki ularga olib keluvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan tizimli ishlar olib borish lozimligi taʼkidlandi.

Inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishiga olib keluvchi sabab hamda shart-sharoitlarni aniqlash natijalariga koʻra davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari vakillarining axborotini eshitish masalasini koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi taklif bilan Oliy Majlis palatalarining qoʻmitalariga murojaat qilish vakolatini amalga oshirish, Oliy Majlis palatalarining parlament nazoratini amalga oshirishga doir tadbirlarida ishtirok etish, ularga koʻrib chiqilayotgan masalalar yuzasidan materiallar taqdim etish huquqidan samarali foydalanish topshirildi.

Yana bir jihat, 2019-yil davomida davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qoʻyish, fuqarolar oʻz vaqtida boshqa turar joy bilan taʼminlanmagan holda olib qoʻyilganligi holatlarining oldini olishda Inson huquqlari boʻyicha vakil va uning mintaqaviy vakillari tomonidan oʻz vaqtida tegishli davlat organlari va mahalliy davlat idoralari bilan hamkorlik ishlarini olib borish muhimligi taʼkidlandi. Jumladan, Ombudsman faoliyatini yana-da takomillashtirish, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish hamda qoʻllab-quvvatlashga doir qator takliflar bildirildi. Ushbu masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Yalpi majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori prokuratura organlarining 2019-yildagi faoliyati toʻgʻrisida hisoboti ham eshitildi.

Qayd etilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining koʻrsatmalari asosida prokuratura organlarini korrupsiyadan holi, chinakam xalq prokuraturasiga aylantirish, faoliyat samaradorligini tubdan oshirish borasida qator choralar koʻrilgan. Avvalo, halol, sadoqatli va professional xodimlar korpusini shakllantirishga doir kompleks chora-tadbirlarni amalga tatbiq etish boshlangan.

Qonunlar ijrosi ustidan nazoratni taʼminlash barobarida fuqarolarga manzilli yordam koʻrsatish, ularni qiynab kelayotgan muammolarni amalda bartaraf etishga ham alohida eʼtibor qaratilgan.

Bundan tashqari, tadbirkorlikni rivojlantirish, eksportni kengaytirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish kabi hayotiy muhim masalalarga ustuvor ahamiyat berilib, 15 mingdan ortiq tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklanishi va muammolari bartaraf etilishi taʼminlangan.

Prokuratura organlarining faoliyati tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, 2019-yilda taʼlim sohasida tekshirilgan vazirlik va idoralarning 93 foizida 16,7 mlrd. soʻmlik moliyaviy qonunbuzarliklar aniqlanib, bu koʻrsatkich 2018-yilga nisbatan 2,5 baravarga oshgan.

Shu bilan birga, qonunlar ijrosiga bevosita masʼul idoralar tomonidan zimmalariga yuklatilgan vazifalarning toʻlaqonli bajarilmasligi joylarda koʻplab muammolarning yuzaga kelishiga sabab boʻlganligi aniqlangan. Masalan, fuqarolarning uylari buzilishi munosabati bilan tegishli kompensatsiya pullarining oʻz vaqtida va toʻliq berilmasligi, daraxtlarning noqonuniy kesilishi aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlgan. Bu borada prokuror tekshirishlari va dastlabki tergov davomida jami 2,3 trln. soʻm zararlar undirilishiga erishilgan.

Biroq iqtisodiy jinoyatlar boʻyicha tergov jarayonida jinoyatni fosh etish bilan birga, yetkazilgan zararni undirish, yaʼni oʻgʻirlangan moddiy boyliklarni topib, qonuniy egasiga qaytarishda kamchiliklar mavjud. Shu bois, senatorlar tomonidan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarida belgilangan tadbirlarning bajarilishi, ayniqsa, qurilish ishlarining sifati va talablarga javob berishi boʻyicha doimiy nazorat oʻrnatish zarurligi koʻrsatildi.

Qurilish sohasida korrupsiyaga oid alomatlar oqibatida roʻy berayotgan talafotlar, ularning sabablari va shart-sharoitlarni bartaraf etish masalalari keng muhokama qilindi. Prokuratura organlari bu masalalarda oʻz nazoratini yana-da kuchaytirishi, ularga qonunlar bilan berilgan vakolatlardan keng foydalanishi zarurligi taʼkidlandi.

Shuningdek, majlisda prokuratura organlari mamlakatda qonun ustuvorligini taʼminlash va qonuniylikni mustahkamlash borasidagi faoliyat samaradorligini yana-da oshirishi lozimligi koʻrsatilib, tegishli vazifalar boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Soʻngra Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2019-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi Markaziy bank Boshqaruvi Raisining hisoboti eshitildi.

Markaziy bank tomonidan ichki bozorda narxlar barqarorligini taʼminlash yoʻnalishida iqtisodiyotdagi inflyatsion jarayonlarni jilovlash hamda inflyatsiya darajasiga monetar omillarning taʼsirini kamaytirishga qaratilgan pul-kredit siyosatini amalga oshirish borasidagi ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

Qayd etilganidek, hisobot yilida ijtimoiy dasturlar doirasida aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash hamda tadbirkorlik faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash ishlariga alohida eʼtibor qaratilgan. Qolaversa, investitsion muhitni yaxshilash va iqtisodiyotda uzoq yillar davomida shakllangan investitsion faollikni yuqori darajada ushlab turish maqsadida xorijiy va milliy valyutada ajratilgan kredit mablagʻlarining hajmi koʻpaygan. Jumladan, 2019-yilda tijorat banklari tomonidan xorijiy kredit liniyalari hisobidan 2,1 mlrd. AQSH dollari miqdorida kreditlar ajratilgan.

Oʻtgan yil davomida tijorat banklarining iqtisodiyotga ajratilgan jami kredit qoʻyilmalari 1,6 baravarga koʻpayib, 2020-yil 1-yanvar holatiga 208,6 trln. soʻmni tashkil qilgan. Xususan, 2019-yilda tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan kreditlar 1,5 barobarga oshib, 58,4 trln. soʻmga yetgan. Shu bilan birga, jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar qoldigʻi 1,6 barobarga oshgan. Bu esa joriy yilning 1-yanvar holatiga 40 trln. soʻmni tashkil qilgan.

Shuningdek, aholining bandligini taʼminlash va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ijtimoiy dasturlar doirasida jami 7,6 trln. soʻm, shu jumladan, bevosita jismoniy shaxslarga 4,9 trln. soʻm miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilgan.

Bank tizimida likvidlilikni samarali tartibga solish, iqtisodiyotni kreditlash hajmining oʻsish surʼatini muvozanatlashtirish hamda keng qamrovli kommunikatsion siyosat olib borish orqali iqtisodiyotdagi inflyatsion bosim va tasodiflarni pasaytirishga qaratilgan tadbirlar amalga oshirilgan.

Majlisda xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib, toʻlov tizimi barqarorligi va rivojlanishini taʼminlash maqsadida Markaziy bank hamda banklar faoliyatiga oid qabul qilingan qonunlarga muvofiq, 2020-yilda Markaziy bank tomonidan alohida eʼtibor qaratilishi zarur boʻlgan qator vazifalar ham muhokama qilindi. Ushbu masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2019-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti ham eshitildi.

Taʼkidlanganidek, Hisob palatasi oʻtgan yildagi faoliyati davomida davlat byudjeti ijrosi, byudjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish ustidan nazorat olib borgan. Prezident topshiriqlari ijrosi, strategik korxonalar ishtirokidagi investitsiya loyihalari kabi masalalar boʻyicha nazorat va tahliliy tadbirlarni amalga oshirgan.

Xususan, Davlat byudjetiga qoʻshimcha 2,7 trln. soʻmlik daromad manbalari aniqlanib, belgilangan qoʻshimcha daromad manbalarining hududlar boʻyicha toʻliq taʼminlanishida amaliy yordam koʻrsatilgan. Byudjet mablagʻlaridan 1,1 trln. soʻmlik noqonuniy va samarasiz xarajatlar aniqlanib, shundan 150 mlrd. soʻmi bartaraf etilishi taʼminlangan.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlari, oliy darajadagi tashriflar yakuni boʻyicha erishilgan 4 mingdan ziyod qariyb 130 mlrd. AQSH dollari qiymatidagi kelishuvlar amalga oshirilishi yuzasidan nazorat olib borilgan. Hisobot yilida qator korxona va muassasalar tomonidan davlat xaridlariga oid qonun hujjatlariga rioya etmasdan, toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma orqali 19,9 mlrd. soʻm ortiqcha sarflanganligi, import xajmi 24,9 foizga ortib ketganligi, tashqi savdoda manfiy qoldiq deyarli 7 mlrd. dollarga yetganligi aniqlangan.

Shuningdek, majlisda senatorlar tomonidan Hisob palatasining faoliyatini takomillashtirishga doir tavsiyalar bildirildi. Jumladan, Senat bilan hamkorlikda byudjet va byudjetdan tashqari mablagʻlar tushumlarining toʻliqligini tizimli ravishda oʻrganib borish va daromadlarni koʻpaytirish zaxiralarini aniqlashda zamonaviy axborot texnologiyalarini keng qoʻllagan holda masofaviy nazoratni amalga oshirish maqsadga muvofiqligi qayd etildi. Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Soʻngra Senat aʼzolari ilk bor Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazining 2018-2019-yillarda inson huquqlari boʻyicha xalqaro majburiyatlarga rioya qilinishi holatiga doir axborotini eshitdi.

Qayd etilganidek, Oʻzbekiston inson huquqlari sohasidagi 70 dan ortiq xalqaro hujjatga, jumladan, BMTning 6 ta asosiy shartnomasi va 4 ta fakultativ protokoliga qoʻshilgan. Ushbu xalqaro hujjatlarning bajarilishi boʻyicha milliy maʼruzalar BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi va shartnomaviy qoʻmitalariga doimiy ravishda taqdim etib borilgan.

Keyingi davrda, ayniqsa, Oʻzbekiston parlamenti tomonidan inson huquqlari boʻyicha muhim xalqaro-huquqiy hujjatlar ratifikatsiya qilindi. Xususan, Xalqaro mehnat tashkilotining 4 ta konvensiyasi, Butunjahon intellektual mulk tashkilotining 3 ta shartnomasi va boshqa bir qator xalqaro hujjatlar tasdiqlandi.

Mamlakatda mazkur xalqaro hujjatlarda mustahkamlangan inson huquqlari va erkinliklariga doir normalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlarni rivojlantirish borasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilgan. Shuningdek, inson huquqlarini himoya qilishda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

Bundan tashqari, Oʻzbekistonning tashabbuslari BMT darajasida qoʻllab-quvvatlanayotganligi taʼkidlandi. jumladan, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyasi qabul qilinishi Prezidentimiz tomonidan ushbu xalqaro tashkilotning 73-sessiyasida ilgari surilgan tashabbus hayotga tatbiq etilganining amaliy ifodasidir.

2018-yil noyabr oyida Samarqand shahrida Osiyo mintaqasida birinchi marotaba Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumida BMT Bosh Assambleyasining 73-sessiyasi hujjati sifatida tasdiqlangan Inson huquqlari boʻyicha Samarqand deklaratsiyasi, shuningdek, 2019-yilda esa Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarda yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.

Shuningdek, majlisda Oʻzbekiston 2021-2023-yillarga boʻlgan davrda BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashiga aʼzolik uchun nomzodini ilgari surganini hisobga olgan holda, bu borada ijobiy samaraga erishish uchun tegishli barcha siyosiy-diplomatik chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Ushbu masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Soʻngra Hokimlar tomonidan qonun hujjatlari talablariga rioya qilmasdan qarorlar qabul qilish holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisidagi masala ham koʻrib chiqildi.

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan hokimlarning qonun hujjatlari talablariga muvofiq qarorlar qabul qilinishi holati oʻrganildi. Tahlillarga koʻra, birgina 2019-yilning oʻzida hokimlarning 3400 dan ortiq qarorlari haqiqiy emas, deb topilgan. Maʼmuriy sudlar tomonidan bu borada 2019-yilda jami 2 992 ta ish koʻrilgan boʻlib, ularning 1 255 tasi (42%) qanoatlantirilgan. 2020-yilning yanvar-fevral oylarida esa 552 ta ish koʻrilgan va ularning 248 tasi yoki 45 foizi qanoatlantirilgan.

Keltirilgan raqamlar shuni koʻrsatib turibdiki, murojaatlar soni

10 foizga, ularni qanoatlantirish esa, yaʼni hokimlarning qarorlarini haqiqiy emas deb topish 3 foizga koʻpayib, bunday murojaatlarning qariyb 50 foizi qanoatlantirilgan.

Bu borada fuqarolar norozi boʻlib murojaat qilish soni va hokimlarning qonun hujjatlari talablariga rioya qilmasdan qarorlar qabul qilishi holatlari koʻpayib borgan.

Tuman, shahar hokimlari vakolatga ega boʻlmasa-da, qonunga zid ravishda bino-inshootlarni balansga olish toʻgʻrisida, yer uchastkasini ajratish vakolati ularga berilmagan normativ-huquqiy hujjatlarga asoslangan holda ajratilayotgan yer maydonini toʻlaqonli oʻrganilishini taʼminlamasdan yer ajratish yuzasidan qarorlar qabul qilgan.

Shuningdek, qonun hujjatlariga koʻra yer uchastkalari qonunga zid ravishda olib qoʻyilganligi munosabati bilan mulkdorlarga zarar yetkazilganligi uchun mansabdor shaxslarga nisbatan javobgarlik masalalari qatʼiy belgilanmagan, eng muhimi, bunga huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlari tomonidan oʻz vaqtida munosib eʼtibor berilmagan.

Mulkdorlarning mulki musodara qilinishi haqida ogohlantirishning olti oylik muddatiga rioya qilmaslik, mulkchilik obyekti uchun kompensatsiya mablagʻlarini toʻlamay yoki qiymati boʻyicha teng mol-mulkni taqdim etmay majburan chiqarib yuborish odatiy holga aylangan.

Mahalliy hokimiyat organlari vakillarining mulk egalariga koʻp holatda qoʻpol munosabatda boʻlishi aholining ijtimoiy kayfiyatiga putur yetkazuvchi omil boʻlmoqda.

Mazkur masala yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish boʻyicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Soʻngra Senat aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyotni rivojlantirish va kambagʻallikni qisqartirishga oid davlat siyosatini tubdan yangilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonini tasdiqladi.

Bundan tashqari, majlisda Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlari ham tasdiqlandi.

Shu bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining toʻrtinchi yalpi majlisi oʻz ishini yakunladi.

Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati