Soʻnmas xotira: Otamning tugʻilgan kuni 9-may emas ekan…

Soʻnmas xotira: Otamning tugʻilgan kuni 9-may emas ekan…

Esimni taniganimdan buyon 9-may – oilamizda Gʻalaba bayrami va otamning tugʻilgan kuni sifatida nishonlanadi. Keyinroq savod chiqarib, otamning pasportiga koʻzim tushganida tugʻilgan kuni 1-may ekanini bilganman. Otamga hayron boʻlib, savolomuz qaraganimda, “Shu kun yaxshi” deb qoʻya qolgan, ortiqcha izohlamagan.
Soʻnmas xotira: Otamning tugʻilgan kuni 9-may emas ekan...

Urush haqida hech bir kitobda bitilmagan hikoyalarni ham otamdan eshitganman. Otamning bolaligi urush yillarida kechgan, oʻzining aytishicha, bobom Toshpoʻlat Moʻmin oʻgʻli Toshkentdagi Voroshilov zavodida (keyinchalik u “Oʻzbekqishloqmash” zavodiga aylangan, hozir bu korxona yoʻq) yuk koʻtaruvchi boʻlib ishlab, 14-16 soatlab vagonlarga oʻq-dori ortgan. Ishchilar koʻpincha korxonaning oʻzidayoq tunab qolishar, oilasini baʼzida haftalab koʻrishmas ekan.

Shu bois roʻzgʻorga qarash oiladagi toʻngʻich oʻgʻil – 13 yashar otamning yelkasiga tushgan. Ishchilarga kuniga 250 grammdan, qaramogʻidagi oilasiga esa 150-200 grammdan non berilarkan.

– Yaxshiyamki, kichikkina tomorqamiz bor edi, ochlikdan bizni shu parcha yer qutqargan, – derdi otam. – Bolaligimdan dehqonchilik qilganman, menga oʻxshab tirikchilikni kattalar qatorida yelkasiga olgan bolalar koʻp edi.

Nazarimda 9-may – Gʻalaba kuni oʻsha davr bolalariga betashvish bolalikka qaytish umidini keltirgan, shu bois otam shu sanani oʻzining tugʻilgan kuni, deya belgilagan shekilli.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev xalqimizni ushbu qutlugʻ kun bilan muborakbod etgan payti men oʻzbek xalqiga mansub boʻlganimdan yuragimda faxr va gʻurur hissini tuydim, boisi mamlakatimizning bu urushda qozonilgan Gʻalabada ulkan hissasi bor, janglarda qatnashgan 1 million 951 ming kishi yurtimiz oʻgʻlonlari, koʻrsatgan jasorati Sovet Ittifoqi Qahramoni degan oliy mukofot bilan taqdirlangan 301 kishi Oʻzbekiston farzandi.

Men ijodkor sifatida xalqimizning Gʻalabani yaqinlashtirish yoʻlidagi qahramonligi, fidoyiligini hali ham toʻliq koʻrsata olmayotganimizni oʻyladim. Axir bu urush har bir oilada u yoki bu koʻrinishda iz qoldirgan, demak, bu mavzuning koʻlami ulkan, mamlakatimizda qancha oila boʻlsa, shuncha tarix, shuncha voqea, fojia bor. Demak, bu mavzuda hali koʻp asarlar yaratiladi.

Darhaqiqat, bugun xalqimizning Ikkinchi jahon urushi yillaridagi tarixini oʻrganish borasida yangi davr boshlandi. Biz bobolarimizning jahon tarixida kechgan ulkan voqealarda ishtirokini shu xalq vakili sifatida iftixor ila koʻrsatishimiz zarur, deb bilaman. Bu bobolarimizning jang maydonidagi jasoratlarini kuylash barobarida, oʻsha yillari front ortida mehnat qilgan, urush kechgan oʻlkalardan olib kelingan yetimlarning boshini silagan odamlar, dalada, korxonalarda erkaklarning oʻrnini bosgan ayollar, oilasining ogʻiriga yelka tutgan, kattalar qatorida turib ishlagan oʻsmirlar, bir umr eshikka termulib, oʻgʻlini, yorini kutgan onalar, kelinlar fidoyiligini avlodlar uchun asarlarga muhrlashdir.

Otam hozir 92 yoshda. 9-may kuni televizorda Gʻalaba bogʻining ochilishi haqidagi reportajni koʻribdi. Menga taassurotlarini erinmay hikoya qildi.

Karantin tugaganda birinchi boʻlib ziyorat qiladigan joylarimdan biri mana shu Gʻalaba bogʻi boʻladi. Poytaxtimizda oʻzbek xalqining matonatini tasvir etadigan mana shunday maskan, albatta, boʻlishi kerak edi. Shu yoʻlda mehnat qilgan haykaltaroshlarga, rassomlarga, quruvchilarga tashakkur aytaman.

Risolat HAYDAROVA,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi