O‘zbekiston va Iordaniya — Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqning o‘zaro yaqinlashuviga yangi sur’at bag‘ishlayotgan davlatlar

O‘zbekiston va Iordaniya — Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqning o‘zaro yaqinlashuviga yangi sur’at bag‘ishlayotgan davlatlar

Xalqaro munosabatlar o‘zgarib borayotgan sharoitda Markaziy Osiyoning qo‘shni mintaqalar, jumladan, Yaqin Sharqning yetakchi mamlakatlari bilan sherikligi alohida dolzarblik kasb etmoqda. Ushbu sheriklikning mazmunini tobora savdo va investitsiyalar hajmidan ko‘ra sanoat kooperatsiyasi, texnologik rivojlanish va mushtarak ma’naviy merosni asrab-avaylash vazifalari belgilamoqda.

Shu nuqtayi nazardan, Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi O‘zbekistonning tashqi siyosiy ustuvor yo‘nalishlarida alohida o‘rin tutadi. Ikki mamlakat o‘rtasida 1993-yil fevral oyida o‘rnatilgan diplomatik aloqalar hamkorlikning asosiy sohalarini qamrab olgan izchil va ko‘p qirrali munosabatlarga aylandi.

Siyosiy yaqinlashuv va mintaqaviy diplomatiya

O‘zbekiston–Iordaniya aloqalarining izchil mustahkamlanishi ko‘p jihatdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning siyosiy irodasi bilan belgilanadi. Aynan ularning oliy darajadagi ishonchli muloqoti tufayli mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar rivojiga kuchli sur’at bag‘ishlandi.

Podshoh Abdulla II ibn al-Husaynning 2025-yil 25–26-avgust kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi tarixiy bosqich bo‘ldi. Yetakchilarning Samarqanddagi ilk muzokaralari keng qamrovli sheriklikka o‘tishni belgilab berdi. Tashrif yakunida Qo‘shma bayonot hamda investitsiyalar, savdo, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va boshqa yo‘nalishlarni qamrab olgan 15 ta hujjatdan iborat to‘plam qabul qilindi. Shuningdek, Samarqand sammitida tomonlar BMT, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi yondashuvlarni muvofiqlashtirishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi.

Shu bilan birga, Toshkent Ammonning tinchlikni ta’minlashga qaratilgan global tashabbuslarini izchil qo‘llab-quvvatlamoqda. Ular orasida Podshoh Abdulla II tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “Aqaba jarayoni” — xavfsizlik va terrorizmga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha xalqaro hamkorlik platformasi alohida o‘rin tutadi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil noyabr oyida Ostona shahrida “Aqaba jarayoni” doirasida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Iordaniya yetakchilari uchrashuvida qatnashgani O‘zbekistonning ushbu jarayonga faol jalb etilganini amalda tasdiqladi. Mazkur uchrashuvda davlatimiz rahbari navbatdagi yig‘ilishlardan birini Samarqandda o‘tkazish taklifini ilgari surdi.

Siyosiy muloqot 2025-yil sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasi doirasida, shuningdek, 2026-yilda O‘zbekiston va Iordaniya parlamentlari hamda tashqi siyosat idoralari vakillari o‘rtasidagi uchrashuvlarda davom ettirildi. Aloqalarning bunday jadalligi amaliy sheriklik uchun mustahkam institutsional asos yaratmoqda. Ushbu asosga tayangan holda, Iordaniya O‘zbekiston uchun arab dunyosi bilan hamkorlikni kengaytirishning muhim yo‘nalishiga, Toshkent esa Ammonning Markaziy Osiyodagi hamkoriga aylanishi mumkin.

Iqtisodiy hamkorlik: savdodan qo‘shma ishlab chiqarishga

O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi o‘zaro savdo barqaror o‘sib bormoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2017–2025-yillarda tovar ayirboshlash hajmi 10 barobardan ziyod oshgan. Bunday sezilarli o‘sish biznes vakillarining to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarga qiziqishi ortib borayotganini tasdiqlaydi. Bugungi kunda O‘zbekistonda Iordaniya kapitali ishtirokidagi 18 ta korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Ishbilarmonlar kengashi ishbilarmon doiralar o‘rtasida muloqotni yo‘lga qo‘yishning samarali mexanizmi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Hozirgi vaqtda tomonlar o‘zaro tovar yetkazib berish hajmini shunchaki oshirishni emas, balki yuqori qo‘shilgan qiymat yaratishga qaratilgan sanoat kooperatsiyasiga o‘tishni strategik maqsad sifatida belgilagan. Iordaniya iqtisodiyotining farmatsevtika, kimyo sanoati va xizmatlar kabi tarmoqlarga ixtisoslashuvi O‘zbekistonning sanoat va resurs bazasini samarali to‘ldirib, uchinchi mamlakatlar bozorlarini birgalikda o‘zlashtirish uchun zamin yaratadi.

Mazkur yo‘nalishlar va hamkorlikning aniq mexanizmlari 2026-yil aprel oyida sanoatlashtirish, agrosanoat majmuasi, farmatsevtika va logistika masalalariga bag‘ishlangan Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishida atroflicha ko‘rib chiqildi. Shuningdek, tomonlar preferensial savdo to‘g‘risidagi bitim loyihasi ustida ish boshlanganini tasdiqladi.

Farmatsevtika tarmog‘i hamkorlik eng puxta yo‘lga qo‘yilgan yo‘nalish hisoblanadi. Iordaniya kompaniyalarining xalqaro standartlarga muvofiq dori vositalari ishlab chiqarish tajribasi O‘zbekistonga talab yuqori bo‘lgan dori vositalarini ishlab chiqarish, texnologiyalar transferini amalga oshirish, import o‘rnini bosish va Markaziy Osiyoga eksportni kengaytirish vazifalarini hal etish imkonini beradi. O‘zbekiston tomonining 2025-yil sentabr oyida “Dar Al-Dawa” kompaniyasi (1975-yilda tashkil etilgan, 40 dan ortiq mamlakatga mahsulot yetkazib beradi) bilan ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sifat nazorati tizimlarini joriy etish istiqbollari yuzasidan o‘tkazgan muzokaralari bunday loyihalarni amalga oshirishga qiziqish yuqori ekanini tasdiqladi.

2026-yil iyul oyida Ammon va Toshkent o‘rtasida muntazam to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi. “Royal Jordanian” aviakompaniyasi haftasiga ikki marta amalga oshiriladigan reyslarni yo‘lga qo‘ydi. Bu tadbirkorlar, sayyohlar va boshqalar uchun safar logistikasini sezilarli darajada soddalashtirdi.

Biroq ikki mamlakatning transport sohasidagi hamkorligi faqat yo‘lovchi tashish bilan cheklanmaydi. Toshkent uchun yangi tranzit yo‘laklarini izlash uzoq muddatli asosiy vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Shu nuqtayi nazardan, Iordaniyaning Aqaba porti va Podshohlikning arab davlatlari bilan tuzgan keng qamrovli savdo bitimlari tizimi O‘zbekiston uchun strategik ahamiyat kasb etishi mumkin. Mazkur afzalliklar Iordaniyani O‘zbekiston mahsulotlarini Yaqin Sharq va Afrika bozorlariga olib chiqish uchun istiqbolli logistika markazi sifatida ko‘rib chiqish imkonini beradi.

Umuman olganda, Toshkent va Ammon o‘rtasidagi hamkorlik salohiyati ikki tomonlama kun tartibi doirasidan ancha kengdir. Har ikki tomon bir-biri uchun mintaqadagi ishonchli tayanch va iqtisodiy manfaatlarni ilgari suruvchi hamkor bo‘lishi mumkin. Xususan, Markaziy Osiyoning jadal rivojlanayotgan davlatlaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston Iordaniya biznesini qo‘llab-quvvatlab, uning mintaqada faoliyat yuritishi uchun keng imkoniyatlar yaratishi mumkin.

Imkoniyatlarning bunday uyg‘unlashuvi Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Afrikani birlashtiruvchi barqaror iqtisodiy aloqalar tizimini bosqichma-bosqich shakllantirish imkonini beradi.

Madaniy aloqalar: ishonch poydevori va tarixiy sivilizatsiyalar muloqoti

O‘zbekiston va Iordaniyani boy islomiy ma’naviy meros, ilm-fanga chuqur hurmat va madaniy an’analarni asrab-avaylashga intilish birlashtirib turadi. Ushbu mushtaraklik yetakchi ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikda amaliy ifodasini topmoqda. Xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Iordaniyaning Jahon islom ilmlari va ta’lim universiteti o‘zaro sheriklikni anglashuv memorandumi bilan mustahkamladi.

Akademik almashinuvlar va qo‘shma loyihalar ikki mamlakat olimlarining ilmiy salohiyatini birlashtirib, islom sivilizatsiyasi, tarix va arabshunoslikni o‘rganish uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Bunday yondashuv nafaqat ilg‘or uslublar almashinuviga ko‘maklashadi, balki xalqaro maydonda islomning insonparvarlik g‘oyalarini keng targ‘ib eta oladigan tadqiqotchilarning yangi avlodini shakllantirishga ham yordam beradi.

Madaniy muloqot ham shu qadar jadal rivojlanmoqda. Iordaniya san’at namoyandalari O‘zbekistonda o‘tkazilgan nufuzli xalqaro maqom va xalq amaliy san’ati festivallarida ishtirok etdi.

Muntazam ko‘rgazmalar, ilmiy konferensiyalar va ijodiy uchrashuvlar ushbu aloqalarni mustahkamlash imkonini beradi. Ular Toshkent va Ammon o‘rtasida jonli ko‘prik bo‘lib, mushtarak tarixiy merosni zamonaviy ilm-fan, madaniyat hamda O‘zbekiston va Iordaniya xalqlari o‘rtasidagi do‘stlikni rivojlantirishga kuchli turtki beruvchi omilga aylantiradi.

Suv xavfsizligi: umumiy muammolar asosidagi sheriklik

Iordaniyaning o‘ziga xos xususiyatlarini aks ettiruvchi yana bir yo‘nalish — suvdan oqilona foydalanishdir. Podshohlik chuchuk suv tanqisligi eng keskin bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kiradi. Iste’molning ortishi, qurg‘oqchilik va iqlim o‘zgarishi suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish va yangi yechimlarni qo‘llashni talab etmoqda.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi baholariga ko‘ra, Iordaniyada qayta tiklanuvchi suv resurslari aholi jon boshiga yiliga atigi 60 kub metr atrofida bo‘lib, mutlaq suv tanqisligi chegarasi 500 kub metrni tashkil etadi. Aqabadan tuzsizlantirilgan suv yetkazib berish loyihasi yiliga 300 million kub metr suv yetkazishni nazarda tutadi va mamlakatning ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojining qariyb 40 foizini ta’minlashi lozim.

O‘z navbatida, O‘zbekiston suv tejovchi texnologiyalarni rivojlantirish va joriy etishda katta salohiyatga ega. So‘nggi yillarda mamlakat qishloq xo‘jaligida an’anaviy sug‘orish usullaridan zamonaviy sug‘orish tizimlariga faol o‘tilmoqda. Agar 2017-yilda bunday texnologiyalar 28 ming gektar maydonda qo‘llanilgan bo‘lsa, bugungi kunda ular 2,8 million gektarni, ya’ni respublikadagi jami sug‘oriladigan yerlarning qariyb 60 foizini qamrab olgan. Ushbu usullarni qo‘llash har yili qariyb 5 milliard kub metr suvni tejash imkonini bermoqda. 2028-yilga qadar esa mamlakatdagi sug‘oriladigan maydonlarning 80 foizigacha bo‘lgan qismini suv tejovchi texnologiyalar bilan qamrab olish rejalashtirilgan.

Shu jihatdan, O‘zbekiston va Iordaniyaning suv tejovchi texnologiyalar sohasidagi sa’y-harakatlarini birlashtirish samarali va istiqbollidir, chunki har ikki davlat bu borada o‘zining qimmatli amaliy tajribasiga ega.

Kelishuvlardan barqaror natijalarga

2025–2026-yillarda munosabatlarning faollashuvi moliyaviy resurslar ko‘lamiga emas, balki tomonlarning o‘ziga xos ustunliklari bir-birini to‘ldirishiga asoslangan sheriklik modelini shakllantirmoqda. Iordaniya diplomatik tajribasi, farmatsevtika, tibbiy xizmatlar va suv tanqisligini boshqarish sohalaridagi bilim va ko‘nikmalarini, O‘zbekiston esa o‘sib borayotgan bozori, ishlab chiqarish quvvatlari, agrar salohiyati va Markaziy Osiyodagi iqtisodiy aloqalarini taklif etmoqda.

Ushbu imkoniyatlarni uyg‘unlashtirish asosida farmatsevtika mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, suv tejash bo‘yicha tajriba loyihalarini amalga oshirish, ilmiy-ta’lim dasturlarini rivojlantirish hamda hamkorlikning asosiy sohalaridagi tashabbuslarni muvofiqlashtirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida ilgari surilmoqda.

Shunday qilib, O‘zbekiston va Iordaniya iqtisodiy kooperatsiya siyosiy-diplomatik muloqot, shuningdek, suv xavfsizligi, sog‘liqni saqlash va mushtarak ma’naviy merosni asrab-avaylash sohalaridagi hamkorlik bilan to‘ldiriladigan o‘ziga xos sheriklik tizimini shakllantirish uchun barcha zarur shart-sharoitlarga ega. Tomonlarning ushbu salohiyatni aniq loyihalarda ro‘yobga chiqarish qobiliyati ikki tomonlama aloqalarning barqarorligi va amaliy ahamiyatini belgilaydi.

Kamolov Sarvar,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti
bosh ilmiy xodimi