O‘zbekiston – O‘mon: hamkorlikning yangi davri va imkoniyatlari

O‘zbekiston – O‘mon: hamkorlikning yangi davri va imkoniyatlari

Jadal geosiyosiy va geoiqtisodiy o‘zgarishlar sharoitida Markaziy Osiyo va Arabiston yarimoroli davlatlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish alohida ahamiyat kasb etmoqda. Savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, yangi transport yo‘laklarini shakllantirish, investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish mintaqalararo sheriklikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish uchun qulay shart-sharoit yaratmoqda.

Shu sharoitda O‘zbekiston Respublikasi va O‘mon Sultonligi o‘rtasidagi munosabatlar an’anaviy diplomatik muloqotdan ko‘p qirrali amaliy hamkorlikka o‘tish bilan tavsiflanadigan yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan ochiqlik va iqtisodiyotni modernizatsiya qilish siyosati ushbu yaqinlashuv uchun mustahkam asos yaratmoqda. O‘z navbatida, Sulton Haysam bin Toriq Ol Said rahbarligida amalga oshirilayotgan “O‘mon – 2040” strategiyasi sanoat, logistika va turizmni rivojlantirish hamda xorijiy investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan bo‘lib, bu ikki mamlakatning barqaror rivojlanish masalalariga yondashuvlari mushtarakligini tasdiqlaydi.

Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston O‘mon uchun Markaziy Osiyodagi muhim iqtisodiy sherikka, O‘mon esa O‘zbekiston uchun Fors ko‘rfazi mintaqasidagi istiqbolli logistika hamkoriga aylanishi mumkin. Oziq-ovqat xavfsizligi, farmatsevtika, ta’lim, axborot texnologiyalari va kadrlar tayyorlash sohalarida ham qo‘shimcha imkoniyatlar mavjud.

Mavjud sharoitda siyosiy kelishuvlar va investitsiya kiritish bo‘yicha niyatlarni aniq, samarali loyihalarga aylantirish dolzarb vazifaga aylanmoqda. Hukumatlararo qo‘shma komissiya ushbu jarayonni ilgari suruvchi asosiy kuch va bosh muvofiqlashtiruvchi sifatida faoliyat yuritmoqda. Aynan shu ishchi mexanizm diplomatiya va biznes o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, erishilgan kelishuvlarni amalda ro‘yobga chiqarish hamda ikki davlat salohiyatidan samarali foydalanishni ta’minlashga xizmat qiladi.

2026-yil sentabr oyida Masqatda bo‘lib o‘tgan muzokaralar ushbu yo‘nalishdagi amaliy qadam bo‘ldi. Ularda tomonlar Hukumatlararo komissiyaning oltinchi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish, ikki tomonlama Ishbilarmonlar kengashini tuzish va qo‘shma biznes forumini o‘tkazish masalalarini muhokama qildilar. Uchrashuv ishtirokchilari ustuvor loyihalarni hamda ularning amalga oshirilishini nazorat qilishning aniq mexanizmlarini belgilashga alohida e’tibor qaratdilar.

Ikki davlat iqtisodiyotining strategik jihatdan bir-birini to‘ldirishi o‘zaro yaqinlashuvning asosiy omillaridan biriga aylanmoqda. O‘zbekiston katta sanoat, agrar, mehnat va resurs salohiyatiga ega bo‘lsa, O‘mon rivojlangan port infratuzilmasi, moliyaviy resurslar va xalqaro dengiz savdo yo‘llariga chiqish imkoniyatlariga ega.

Siyosiy muloqot – barqaror sheriklik asosi

O‘zbekiston va O‘mon o‘zaro hurmat, ishonch, teng huquqlilik va milliy manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga asoslangan munosabatlarni rivojlantirmoqda. Yuqori va hukumatlararo darajalardagi muntazam muloqotlar tomonlarning ikki tomonlama aloqalarni yangi mazmun bilan boyitishdan manfaatdor ekanini ko‘rsatadi. “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” formati qo‘shimcha imkoniyatlar ochmoqda.

2025-yil boshida Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘mon tashqi ishlar vaziri Badr bin Hamad al-Busaidiyni qabul qildi. Vazir Sulton Haysam bin Toriq Ol Saidning shaxsiy maktubini yetkazdi. Tomonlar savdo-iqtisodiy va investitsiya-moliyaviy hamkorlik, parlamentlararo aloqalar, madaniy-gumanitar almashinuvlar, shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish istiqbollarini muhokama qildilar.

Keyinchalik, yil o‘rtasida Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston Prezidenti O‘monning savdo, sanoat va investitsiyalarga ko‘maklashish vaziri Qays bin Muhammad al-Yusuf bilan uchrashdi. Energetika, geologiya, oziq-ovqat, to‘qimachilik va kimyo sanoati, transport hamda moliya sohalaridagi qo‘shma loyihalarga alohida e’tibor qaratildi.

Bir yil o‘tib, 2026-yil iyun oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘mon iqtisodiyot vaziri Xamis bin Sayf al-Jabriy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda transport, logistika, geologiya, elektron tijorat va raqamli infratuzilma sohalaridagi hamkorlik muhokama qilindi. Muzokaralar yakunida tomonlar Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini Masqatda o‘tkazishga kelishib oldilar.

Natijada siyosiy muloqot izchil ravishda amaliy mazmun kasb eta boshladi. Bunda aniq investitsiya loyihalari, transport yo‘nalishlari va savdoni kengaytirish mexanizmlariga e’tibor qaratilmoqda.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik: o‘sish uchun katta salohiyat

Mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ijobiy sur’atlarda o‘smoqda. Biroq qulay siyosiy sharoitlarga qaramay, o‘zaro savdo hajmi hozircha ikki davlatning iqtisodiy salohiyatiga mos kelmayapti.

O‘zbekiston O‘mon bozoriga to‘qimachilik, oziq-ovqat, kimyo, elektrotexnika va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini taklif etishi mumkin. O‘mon esa neft-kimyo mahsulotlari, sanoat materiallari va uskunalar yetkazib berish, shuningdek, qo‘shma ishlab chiqarish zanjirlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega.

Savdo operatsiyalaridan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga o‘tish alohida ahamiyatga ega. Bu tovar ayirboshlash hajmini oshirish va ikki mamlakat kompaniyalarining Markaziy Osiyo hamda Yaqin Sharq bozorlaridagi barqaror ishtirokini ta’minlash imkonini beradi.

Joriy yil sentabr oyining oxirida Masqatda tomonlar Preferensial savdo va investitsiyalarni himoya qilish to‘g‘risidagi bitimni qabul qilish imkoniyatini muhokama qildilar. Shuningdek, sertifikatlashtirish va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish hamda qo‘shma korxonalar tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi. O‘monning erkin iqtisodiy zonalari imkoniyatlaridan foydalanish ushbu rejalarni amalga oshirishning samarali vositasi bo‘lishi mumkin. Bu O‘zbekiston kompaniyalariga eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish hamda Ko‘rfaz davlatlari, Sharqiy Afrika va Janubiy Osiyoning istiqbolli bozorlariga chiqish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Investitsiyaviy sheriklik – ikki tomonlama munosabatlarning asosiy harakatlantiruvchi kuchi

O‘zbekiston iqtisodiyotiga O‘mon investitsiyalarini jalb etish maqsadida 2025-yilda O‘zbekiston delegatsiyasi Masqatda yirik kompaniyalar va moliya tuzilmalari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Ular orasida “Oman Investment Authority”, “Suhail Bahwan Group”, “Sohar International Bank”, “Oman Cables”, “Asyad Group” va “MB Holding” bor. Shuningdek, neft-kimyo, energetika, tog‘-kon sanoati, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, logistika va turizm kabi sohalardagi loyihalar taqdim etildi.

Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida o‘ndan ortiq loyihani moliyalashtirgan “UzOman” O‘zbekiston–O‘mon investitsiya kompaniyasi bu borada muhim o‘rin tutadi.

Investitsiyaviy hamkorlik bosqichma-bosqich tizimli tus olmoqda. U moliyalashtirish, texnologiyalar transferi, ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va mutaxassislar tayyorlashni qamrab olmoqda. O‘monning sinov, inspeksiya va sertifikatlashtirish sohasidagi yetakchi tashkiloti – “Atyab International Services”ning O‘zbekistonda ikki yildan buyon faoliyat yuritayotgan agrooziq-ovqat texnologiyalari markazi bunga yaqqol misoldir.

Transport va logistika: jahon bozorlariga chiqishning yangi imkoniyatlari

Dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston uchun transport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish strategik ahamiyatga ega. O‘mon O‘zbekistonning istiqbolli logistika hamkoriga aylanishi mumkin. Bu Arabiston dengizi va Hind okeani orqali xalqaro yo‘nalishlarga chiqish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

Markaziy Osiyoni Arabiston yarimorolining port infratuzilmasi bilan multimodal tashuvlar orqali bog‘lashni nazarda tutuvchi “O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – O‘mon” transport yo‘lagi alohida ahamiyatga ega.

2026-yil 16-fevralda ikki mamlakat transport idoralari vakillari Ashxobod bitimi doirasidagi hamkorlik, Salola, Sohar va Duqm portlari orqali tashuvlarni kengaytirish hamda multimodal yo‘nalishlarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. AQSH Xalqaro savdo ma’muriyati ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu uchta chuqur suvli port 40 ta mamlakatdagi 86 ta dengiz transporti tuguni bilan aloqalarni ta’minlaydi.

Biroq transport tashabbuslarini amalda ro‘yobga chiqarish uchun tranzit tariflarini kelishish, bojxona tartib-taomillarini takomillashtirish, tashuvlarni raqamlashtirish va logistika operatorlari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish talab etiladi.

O‘monni O‘zbekiston uchun portlarga tayangan savdo-logistika tugunlaridan biriga, O‘zbekistonni esa O‘mon va Markaziy Osiyoni bog‘lovchi bo‘g‘inga aylantirish strategik vazifa hisoblanadi.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar – yaqinlashuv yo‘lidagi muhim qadam

Joriy yil o‘rtalarida Toshkent xalqaro aeroportida “Oman Air” aviakompaniyasining Masqat – Toshkent yo‘nalishidagi ilk muntazam reysi kutib olindi. Haftasiga uch marta muntazam parvozlar yo‘lga qo‘yildi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarning ochilishi ishbilarmonlik safarlari, turistik almashinuvlar va tadbirkorlar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish uchun sharoit yaratmoqda. Bu O‘mon fuqarolarining O‘zbekistonning tarixiy shaharlariga qiziqishini oshirishi hamda o‘zbekistonliklarning O‘monga sayohat qilish imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar iqtisodiy va gumanitar aloqalarni kengaytirish uchun muhim infratuzilmaviy asos yaratmoqda.

Sanoat kooperatsiyasi va “yashil” iqtisodiyotning yangi istiqbollari

O‘zbekiston qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish, energiya samaradorligini oshirish va resurs tejovchi texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirmoqda. Shunga o‘xshash vazifalar “O‘mon – 2040” strategiyasida ham muhim o‘rin tutadi.

Joriy yil boshida O‘mon 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan besh yillik rivojlanish rejasini taqdim etdi. Unda o‘rtacha yillik iqtisodiy o‘sishning maqsadli ko‘rsatkichi qariyb 4 foiz etib belgilangan hamda kam uglerodli rivojlanish modeliga o‘tish nazarda tutilgan.

Shu munosabat bilan quyosh va shamol energetikasi, suv tejovchi texnologiyalar, ekologik toza sanoat, chiqindilarni qayta ishlash va barqaror qishloq xo‘jaligi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari hisoblanadi. O‘zbekiston uchun energetika infratuzilmasi, energiya saqlash tizimlari va suvdan samarali foydalanishga yo‘naltirilgan investitsiyalar muhim ahamiyatga ega.

Ekspertlar bahosiga ko‘ra, “yashil” iqtisodiyot strategik yaqinlashuvning yangi yo‘nalishiga aylanishi mumkin. U investitsiya resurslari, sanoat salohiyati va barqaror rivojlanishga bo‘lgan umumiy manfaatdorlikni birlashtiradi. Ushbu ekologik yo‘nalish raqamli kun tartibi – elektron tijorat, to‘lov tizimlari va logistika platformalari bilan uzviy ravishda to‘ldirilmoqda.

Madaniy-gumanitar aloqalar – xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik asosi

Madaniy-gumanitar hamkorlik Markaziy Osiyo va Arabiston yarimoroli xalqlarining boy ma’naviy merosi hamda tarixiy aloqalariga tayanadi. Ushbu an’analar ta’lim, fan, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish uchun qulay asos yaratadi.

Ziyorat va madaniy-ma’rifiy turizm alohida salohiyatga ega. Samarqand, Buxoro, Xiva va Termiz me’moriy yodgorliklari hamda ilmiy merosi bilan qiziqish uyg‘otadi. O‘z navbatida, O‘mon tarixiy qal’alari, diqqatga sazovor tabiiy maskanlari va o‘ziga xos madaniyati bilan sayyohlarni jalb etadi.

Turizm rivoji bilan bir qatorda gumanitar hamkorlik ham faollashmoqda. Bunda akademik almashinuvlar, qo‘shma ta’lim dasturlari, ilmiy konferensiyalar va madaniyat muassasalari o‘rtasidagi aloqalarga e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yili O‘zbekistondan 30 nafar tadbirkor ayol ilk bor Masqatdagi biznes forumida ishtirok etib, ikki mamlakat o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirishga hissa qo‘shdi.

Umuman olganda, O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi munosabatlar siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va gumanitar aloqalarni mustahkamlash uchun imkoniyatlar ochayotgan sifat jihatidan yangi bosqichga o‘tmoqda. Iqtisodiy salohiyatlarning bir-birini to‘ldirishi va strategik manfaatlarning mushtarakligi bu boradagi muvaffaqiyatning asosiy omilidir. Bu qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish orqali Markaziy Osiyo va Arabiston yarimoroli o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash imkonini beradi.

Shunday qilib, O‘zbekiston va O‘mon ikki mamlakat xalqlari manfaatlariga xizmat qiladigan uzoq muddatli, o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali sheriklikni shakllantirish uchun barcha zarur shart-sharoitlarga ega.

 

Dilorom Mamatqulova
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti
yetakchi ilmiy xodimi