O‘zbekiston va Ozarbayjon startaplar, investorlar va iste’dodlarni o‘ziga jalb qiluvchi xab yaratmoqda

O‘zbekiston va Ozarbayjon startaplar, investorlar va iste’dodlarni o‘ziga jalb qiluvchi xab yaratmoqda

Bugungi kunda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlik kun tartibi bosqichma-bosqich mintaqaviy tus olmoqda. Toshkent va Boku nafaqat ikkita mustaqil texnologik markaz, balki Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz innovatsion ekotizimlarini bog‘lovchi potensial bo‘g‘inlar sifatida ham qaralmoqda.

Uzoq muddatli hamkorlik uchun qo‘shimcha institutsional asos 2026-yil avgust oyida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston–Ozarbayjon sammiti yakunlari bilan yaratildi. Sammit doirasida ikki davlat o‘rtasida Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi.

Idoralararo muloqotdan amaliy hamkorlik sari

Texnologiyalar va innovatsiyalar sohasidagi zamonaviy hamkorlikning dastlabki bosqichlaridan biri 2022-yil iyun oyiga to‘g‘ri keladi. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida Ozarbayjon Raqamli rivojlanish va transport vazirligi hamda O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Mazkur kelishuvlarni amaliy jihatdan amalga oshirish bir necha oy o‘tib boshlandi. 2022-yil sentabr oyida O‘zbekiston mutaxassislari Ozarbayjon Raqamli rivojlanish va transport vazirligi hamda unga qarashli tashkilotlarga tashrif buyurdi. Delegatsiya Azercosmos faoliyati, jumladan, telekommunikatsiya sun’iy yo‘ldoshlari va Yerni masofadan kuzatish texnologiyalarini boshqarish bilan tanishdi, shuningdek, Ozarbayjon Innovatsiyalar va raqamli rivojlanish agentligi (IDDA) faoliyati hamda startaplarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini o‘rgandi. Shu tariqa, hamkorlikning dastlabki yo‘nalishlaridan biri innovatsion va raqamli infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha amaliy tajriba almashishdan iborat bo‘ldi.

Hamkorlikning navbatdagi muhim bosqichi 2023-yil oxirida yuz berdi. O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan delegatsiyasi Bokuga tashrif buyurib, INMerge Innovation Summit tadbirida ishtirok etdi. Tashrif doirasida O‘zbekiston vakillari PASHA Holding kompaniyasi bilan ham uchrashdi. Mazkur uchrashuv innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar va startap ekotizimini rivojlantirish yo‘nalishlarida biznes aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish uchun muhim platformaga aylandi.

Ozarbayjon Raqamli rivojlanish va transport vazirligi bilan muzokaralar davomida tomonlar elektron hukumat, telekommunikatsiyalar, elektron hujjat aylanishi va raqamlashtirish kabi yo‘nalishlarni belgilab oldi. Ushbu loyihalarni yanada rivojlantirish maqsadida idoralararo ishchi guruh tuzildi. Shu bilan birga, IDDA bilan startap va venchur ekotizimlarini rivojlantirish hamda qo‘shma akseleratsiya dasturlarini tashkil etish bo‘yicha mazmunli muloqot boshlandi.

Shu tariqa, 2022-yildan boshlab O‘zbekiston–Ozarbayjon raqamli hamkorligi tajriba o‘rganish va institutsional aloqalarni yo‘lga qo‘yish bosqichidan ikki mamlakat texnologik ekotizimlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlik bosqichiga izchil o‘tdi.

IT-biznes ikki tomonlama munosabatlarning alohida yo‘nalishiga aylanmoqda

Hukumatlararo hamkorlikning rivojlanishi ikki mamlakat IT kompaniyalari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarning kengayishi bilan birga kechmoqda.

2026-yilning birinchi yarmi yakuniga ko‘ra, IT Park Uzbekistan rezidentlari orasida Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi kompaniyalar soni 16 taga yetdi.

Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi kompaniyalar tomonidan ko‘rsatilgan eksport xizmatlari hajmi 2026-yilning birinchi yarmidagina 2,5 million dollardan oshdi. Bu ko‘rsatkich 2025-yil davomida qayd etilgan 2,3 million dollardan ortiq umumiy hajmdan ham yuqori. Mazkur kompaniyalarda 172 ta ish o‘rni yaratilgan.

Ularning asosiy faoliyat yo‘nalishlari dasturiy ta’minotni ishlab chiqish va joriy etish, texnik qo‘llab-quvvatlash hamda dasturiy ta’minot litsenziyalash bilan bog‘liq. Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi kompaniyalar qatorida Financial Chain Corporation va Robertson and Blums ham bor.

Shu bilan birga, O‘zbekiston raqamli xizmatlarining Ozarbayjon bozoriga eksporti ham ortib bormoqda. 2026-yilning birinchi yarmida IT Park Uzbekistan’ning 21 ta kompaniyasi Ozarbayjonga xizmatlar eksport qildi. Eksport hajmi 1,2 million dollardan oshib, 2025-yilning to‘liq ko‘rsatkichi — 1,34 million dollarga deyarli tenglashdi.

Ozarbayjon bozoriga xizmat ko‘rsatayotgan kompaniyalarda qariyb 700 nafar mutaxassis faoliyat yuritmoqda. Eng yirik eksportchilar qatorida SAP yechimlari bilan ishlaydigan T4Data, shuningdek, dasturiy ta’minot ishlab chiqishga ixtisoslashgan Transproekt va IT A-Plus Solutions Software kompaniyalari bor.

Startaplar va venchur kapital: jadal rivojlanayotgan yo‘nalish

O‘zbekiston–Ozarbayjon texnologik hamkorligining asosiy tarkibiy qismlaridan biri startap ekotizimini rivojlantirishdan iborat.

Dastlabki amaliy aloqalar 2023-yildayoq shakllana boshladi. IT Park Uzbekistan Ozarbayjonning SABAH.lab akseleratsiya dasturiga axborot hamkori sifatida ko‘maklashdi. Dastur texnologik kompaniyalarni investitsiyaga tayyorlash va tanlab olingan loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlarini taqdim etishga yo‘naltirilgan.

2023-yilda Bokuda o‘tkazilgan INMerge Innovation Summit doirasida O‘zbekistonning TASS Vision, Workly, Sug‘urta Bozor va Uysot startaplari o‘z loyihalarini 500 Global, Caucasus Ventures, White Hill Capital, Seedstars, TA Ventures va Plug and Play kabi xalqaro venchur fondlariga taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Shu bilan birga, SABAH.HUB bilan O‘zbekiston startaplariga investitsiyalar jalb qilish va universitet inkubatsiya dasturlarini rivojlantirish, Ozarbayjon Innovatsiyalar va raqamli rivojlanish agentligi bilan esa qo‘shma akseleratsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

2024-yil noyabr oyida to‘rtta o‘zbekistonlik startap loyihasi Bokuda bo‘lib o‘tgan InMerge innovatsion sammitida “Central Asian Innovation Hubs” brendi ostida taqdim etildi. Bu startaplar sohasidagi yanada faol ikki tomonlama hamkorlikning boshlanishini belgiladi. Hamkorlik 2026-yil 6-may kuni IT Park Uzbekistan va PASHA Holding tomonidan Toshkent shahrida birgalikda “InMerge Uzbekistan Innovation Summit” o‘tkazilishi bilan yanada rivojlantirildi. Tadbirda 40 dan ortiq startap, 20 ga yaqin xalqaro ekspert va spiker, shuningdek, investorlar, korporatsiyalar va davlat vakillari ishtirok etib, biznes hamkorliklari va investitsiyalarni jalb qilish masalalarini muhokama qildi.

Mazkur hamkorlikning amaliy natijalaridan biri Ozarbayjonning “Push30” va “Clopos” startaplarining O‘zbekiston bozoriga kengayishi doirasida IT Park Ventures va Aloqa Ventures mahalliy fondlaridan jami 500 ming dollar miqdorida investitsiya jalb qilgani bo‘ldi. Shu bilan birga, O‘zbekistonning “Recepta” startapi “Digital Startup Awards” dasturi doirasida IT Park Ventures’dan 150 ming dollar miqdorida investitsiya oldi. O‘zbekistonning “Tass Vision”, “Promptlab” va “Oson” startaplari Ozarbayjon bozoriga faol kengayib borayotgani, “Sino AI” startapi esa Ozarbayjondagi klinikalardan biriga integratsiya qilinib, 50 nafar foydalanuvchi ishtirokida sinovdan o‘tkazilayotgani ham ikki tomonlama hamkorlikning rivojlanayotganini ko‘rsatadi.

Yana bir muhim amaliy natija Ozarbayjonning O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Park Uzbekistan va IT Park Ventures tomonidan tashkil etilgan Digital Startup Awards 2025 dasturidagi ishtiroki bo‘ldi.

Ozarbayjon loyihalari bir vaqtning o‘zida bir nechta yo‘nalishlarda, jumladan, inkubatsiya, akseleratsiya va “Best Startup Project” kategoriyasida ishtirok etdi. Ozarbayjon startaplari dastur doirasida jami 70 ming dollar miqdorida mablag‘ oldi. Recepta akseleratsiya dasturi doirasida 50 ming dollar oldi, Lingozy va SnackPack AZ inkubatsiya yo‘nalishida qo‘llab-quvvatlandi, StarkidStories va Tryverse esa “Best Startup Project” kategoriyasi finalida Ozarbayjon nomidan ishtirok etdi.

Bu muhim sifat o‘zgarishini anglatadi: kapital ikki ekotizim o‘rtasida har ikki yo‘nalishda ham harakatlana boshladi va mintaqaviy venchur kapital bozorini shakllantirish uchun zamin yaratmoqda.

Akseleratsiyadan sun’iy intellekt loyihalari bo‘yicha qo‘shma faoliyat sari

Sun’iy intellekt texnologik hamkorlikning alohida yo‘nalishiga aylanib bormoqda.

2026-yil iyun oyida IT Park Uzbekistan, IT Park Ventures, Ozarbayjonning SABAH.HUB va Founders Hub tashkilotlari Toshkent shahrida texnologik tadbirkorlar uchun Startup Deep Dive amaliy sessiyasini tashkil etdi. Tanlab olingan startaplar o‘z mahsulotlarini SABAH.HUB eksperti oldida taqdim etish, biznes modeli, bozor salohiyati, investitsiya jalb qilish va xalqaro miqyosda kengayishga tayyorgarligi bo‘yicha baho olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Dastur doirasida Ozarbayjonni keyingi kengayish bozori sifatida ko‘rib chiqayotgan startaplarga alohida e’tibor qaratildi.

Startaplar sohasidagi hamkorlik bilan bir qatorda, parallel ravishda rivojlanayotgan yana bir strategik muhim yo‘nalish — mutaxassislarni tayyorlash va professional kompetensiyalar almashinuvidir.

Buning yorqin misollaridan biri 2026-yil 20–27-avgust kunlari Bokuda o‘tkazilgan Competitive Programming bo‘yicha 3-Xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini bo‘ldi. O‘zbekiston mazkur tadbirda to‘rtta jamoa bilan ishtirok etdi. Ular orasida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Yangi O‘zbekiston universiteti va Moskva davlat universitetining Toshkent filialidan jamoalar bor edi.

Ushbu jamoalarning uchtasi IT Park Code Cup g‘oliblari bo‘lib, ularning ishtiroki IT Park Uzbekistan tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Yetti kun davomida talabalar xalqaro sport dasturlashidagi eng murakkab o‘quv dasturlaridan biriga oid masalalar ustida ishladi hamda xorijiy jamoalar va murabbiylar bilan bilim va tajriba almashdi.

Hamkorlikning keyingi bosqichi qanday bo‘ladi?

Bugungi kungacha to‘plangan tajriba O‘zbekiston–Ozarbayjon munosabatlarida raqamli texnologiyalar sohasida yangi yo‘nalish bosqichma-bosqich shakllanayotganini ko‘rsatmoqda.

Hamkorlikning dastlabki bosqichi tanishuv tashriflari va hukumatlar o‘rtasida tajriba almashishga, ikkinchi bosqich esa qo‘shma tadbirlar va startap dasturlarida ishtirok etishga qaratilgan bo‘lsa, keyingi bosqich texnologik hamkorlik uchun doimiy infratuzilmani shakllantirishni nazarda tutadi.

ICT Week Uzbekistan 2026 ushbu muloqotni davom ettirish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi. Hafta doirasida Turkiy davlatlar tashkilotining texnologiyalar bo‘yicha forumi ham O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda Ozarbayjon texnologik ekotizimi vakillari ham ishtirok etadi.

Kelgusida ikki ekotizim o‘rtasidagi ushbu o‘zaro bog‘liqlik mintaqaning asosiy raqobat ustunliklaridan biriga aylanishi mumkin. Bu bir vaqtning o‘zida bir nechta bozorlarda faoliyatini kengaytirishga qodir yangi transchegaraviy kompaniyalar, qo‘shma investitsiya mexanizmlari va texnologik yechimlarning paydo bo‘lishi uchun sharoit yaratadi.

Shu tariqa, O‘zbekiston va Ozarbayjon tadbirkorlar, kapital va texnologik mutaxassislarni jalb etuvchi mustaqil markazga aylanishi mumkin bo‘lgan yagona ekotizimni bosqichma-bosqich shakllantirmoqda. Bu esa mintaqaning global innovatsion iqtisodiyotdagi rolini yanada kuchaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.