SHHTning 25 yilligiga kelib, Tashkilotning iqtisodiy tarkibiy qismi tobora aniq va amaliy mazmun kasb etmoqda. Bugungi kunda birlashma 3,4 milliarddan ortiq aholiga ega 10 ta davlatni qamrab oladi. Ular jahon yalpi ichki mahsulotining qariyb chorak qismi va xalqaro savdoning 15 foizdan ortig‘ini tashkil etadi. Bozorlar, resurslar va ishlab chiqarish salohiyatining bunday jamlanishi investitsiyalar, kooperatsiya va o‘zaro bog‘langan infratuzilmani rivojlantirish uchun salmoqli asos yaratadi.
2026-yil 31-avgust – 1-sentabr kunlari Bishkek shahrida Qirg‘izistonning SHHTga raisligi yakunlanadigan yubiley sammiti bo‘lib o‘tadi. Mazkur sammit Tyanjin shahrida qabul qilingan Tashkilotni 2035-yilgacha rivojlantirish strategiyasini amalga oshirishning birinchi yiliga to‘g‘ri keladi. Investitsiya, savdo va sanoat kun tartibi nuqtayi nazaridan ushbu davr, eng avvalo, korxonalar uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, to‘siqlarni kamaytirish, tartib-taomillarni soddalashtirish, ishlab chiqarish aloqalarini kengaytirish, transport va raqamli infratuzilmani rivojlantirish hamda moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish bilan bog‘liq.
O‘zbekiston uchun bunday yondashuv SHHTning iqtisodiy tarkibiy qismini kuchaytirishga qaratilgan izchil siyosatning mantiqiy davomi hisoblanadi. 2022-yilgi Samarqand sammiti muhim bosqich bo‘lib, unda barqaror ta’minot zanjirlarini shakllantirish, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta’minlash sohasidagi tashabbuslar mustahkamlandi hamda iqtisodiy hamkorlik uchun imkoniyatlar kengaytirildi.
Mazkur salohiyatning milliy iqtisodiyot uchun ahamiyati asosiy ko‘rsatkichlar dinamikasida ham o‘z aksini topmoqda. 2025-yilda O‘zbekistonning SHHT davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 40,6 milliard dollarni tashkil etib, 21,7 foizga oshdi. 2026-yil yanvar–iyun oylarida ushbu ko‘rsatkich 21,9 milliard dollarga yetdi. Tashkilot davlatlaridan jalb qilingan investitsiyalar hajmi 2025-yilda 24,8 milliard dollarni, 2026-yilning birinchi yarim yilligida esa 17,8 milliard dollarni tashkil etdi. Qo‘shma investitsiya portfeli umumiy qiymati 102,8 milliard dollarlik 1 438 ta loyihani o‘z ichiga oladi.
Erishilgan hajmlar iqtisodiy aloqalarning sifatiga, ya’ni tayyor mahsulot ulushini oshirish, qo‘shma ishlab chiqarishlarni tashkil etish, texnologik jarayonlarni mahalliylashtirish va yangi mamlakatlar bozorlariga chiqish imkonini beruvchi qo‘shilgan qiymat zanjirlarini shakllantirishga yanada katta e’tibor qaratish imkonini beradi.
Bunday aloqalarni rivojlantirish uchun korxonalar ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini aniq ko‘ra olishi zarur. Shu nuqtayi nazardan, 2026-yil iyun oyida nizomi kelishilgan Sanoat sohasidagi investitsiya loyihalarining ma’lumotlar banki muhim vositalardan biri bo‘lishi mumkin. Uning ahamiyati investitsiya tashabbuslarini davlatlarning mavjud salohiyati, xomashyo va butlovchi qismlarga bo‘lgan ehtiyojlari, mavjud infratuzilma hamda potensial sotuv bozorlari bilan o‘zaro muvofiqlashtirish imkoniyatida namoyon bo‘ladi.
Mazkur tizimni SHHTning Sanoat kooperatsiyasi xaritasini yaratish orqali yanada rivojlantirish mumkin. Bunday xarita alohida tashabbuslarni yagona ishlab chiqarish zanjirlariga birlashtirish va turli davlatlarning imkoniyatlari bir-birini qaysi yo‘nalishlarda to‘ldirishini aniqlash imkonini beradi.
Dastlabki bosqichda istiqbolli yo‘nalishlar sifatida tegishli xomashyo bazasi, ishlab chiqarish salohiyati va sotuv kanallariga ega bo‘lgan to‘qimachilik hamda agrosanoat tarmoqlarini ko‘rsatish mumkin. Kelgusida bunday yondashuvni mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, kimyo sanoati va qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalariga ham tatbiq etish mumkin.
Har bir tashabbus bo‘yicha bunday model hamkorlarni, moliyalashtirish manbalarini, amalga oshirish muddatlarini, mahalliylashtirish parametrlarini va sotuv bozorlarini belgilashni nazarda tutadi. Bu esa loyiha iqtisodiyotini hamda har bir ishtirokchining rolini oldindan shakllantirish imkonini beradi.
Shundan kelib chiqib, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalasi ham bevosita kun tartibiga chiqadi. 2025-yilda manfaatdor a’zo davlatlar SHHT Taraqqiyot bankini tashkil etish bo‘yicha siyosiy qaror qabul qildilar. 2026-yil iyun oyining oxirida esa uni tashkil etish va faoliyat yuritishi masalalari bo‘yicha navbatdagi maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Bunday institutning istiqboldagi roli, avvalo, samarasi bir nechta davlatga taalluqli bo‘lgan loyihalarni — transport va energetika infratuzilmasini, sanoat zanjirlarini, raqamli tarmoqlar va logistika markazlarini moliyalashtirish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Amaldagi taraqqiyot institutlari bilan hamkorlik, loyihalarni tanlashning shaffof mezonlari va moliyaviy barqarorlik loyiha asosida moliyalashtirish uchun mavjud vositalarni kengaytirishga xizmat qiladi.
Ishlab chiqarish kooperatsiyasining samaradorligi, o‘z navbatida, xomashyo, butlovchi qismlar va tayyor mahsulotlarning qanchalik tez va prognoz qilinadigan tarzda harakatlanishiga bevosita bog‘liq. Shu sababli moliyaviy va sanoat bloklari transportni rivojlantirish bilan chambarchas bog‘liq.
O‘zbekiston uchun ushbu omil alohida ahamiyatga ega. Dengiz portlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatining mavjud emasligi logistika masalasini milliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini ta’minlovchi muhim shartlardan biriga aylantiradi. Ustuvor vazifa yuk oqimlarini moslashuvchan tarzda taqsimlash va turli yetkazib berish yo‘nalishlariga kirish imkoniyatini saqlab qolish imkonini beradigan barqaror yo‘nalishlar tarmog‘ini shakllantirishdan iborat.
SHHT hududi Sharq – G‘arb va Shimol – Janub yo‘nalishlarini, avtomobil va temir yo‘l liniyalarini, shuningdek, multimodal tashuvlar imkoniyatlarini qamrab oladi. Biznes uchun bunday tarmoqning samaradorligi infratuzilmaning o‘tkazuvchanlik qobiliyati, tartib-taomillarning o‘zaro muvofiqligi va jo‘natuvchidan yakuniy bozorgacha bo‘lgan butun zanjirning qanchalik tez ishlashiga bog‘liq.
Shu bois transport yo‘nalishlarini rivojlantirish jarayoni raqamlashtirish bilan bevosita bog‘liq. Bojxona va ruxsat beruvchi hujjatlarni elektron almashish, nazorat organlarini oldindan xabardor qilish, milliy axborot tizimlarining o‘zaro mosligini ta’minlash hamda yuklarni butun yo‘nalish bo‘ylab kuzatib borish transport jarayonlaridagi ma’muriy kechikishlarni kamaytiradi va tashuvlarni prognoz qilish imkoniyatini oshiradi.
To‘plangan ma’lumotlardan foydalanish sun’iy intellekt uchun ham qo‘shimcha imkoniyatlarni ochib beradi. Jumladan, yuk oqimlarini prognoz qilish, yo‘nalishlarni optimallashtirish, ombor infratuzilmasini boshqarish va xatarlarni baholashda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish mumkin. Bu esa axborot xavfsizligi va milliy raqamli tizimlarni himoya qilish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni talab etadi.
Ushbu vositalarning barchasi, pirovardida, savdoni rivojlantirishga xizmat qiladi. Ishlab chiqarish kooperatsiyasi tovarlar bazasini kengaytiradi, moliyalashtirish yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirishni ta’minlaydi, logistika korxonalarni bozorlar bilan bog‘laydi, raqamli yechimlar esa vaqt va ma’muriy xarajatlarni qisqartiradi.
Talablarning shaffofligi, elektron hujjatlarni o‘zaro tan olish va tartib-taomillarning muvofiqlashtirilishi qo‘shimcha samara beradi. Bu SHHT davlatlari bozorlariga kichik va o‘rta biznesning kirishini yengillashtiradi hamda investorlar uchun yanada prognoz qilinadigan muhitni shakllantiradi. Aynan shu darajada ko‘p tomonlama hamkorlikning afzalliklari korxonalar faoliyatida bevosita namoyon bo‘ladi.
Mintaqaning iqtisodiy salohiyatini ilgari surishga uning xalqaro miqyosda tanilishi ham xizmat qiladi. Sammit kunlarida Markaziy Osiyoga e’tiborni yanada kuchaytiradigan tadbirlardan biri VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlari bo‘ladi. Mazkur yirik tadbir mintaqaning investitsiyaviy va eksport salohiyati, milliy brendlari hamda biznes tashabbuslarini namoyish etish uchun qulay axborot maydonini yaratadi. Bu O‘zbekiston uchun xalqaro auditoriyaga mamlakatning iqtisodiy imkoniyatlarini namoyish etishning qo‘shimcha imkoniyatidir.
O‘zbekiston uchun SHHTning ahamiyati rivojlangan ikki tomonlama aloqalarni ko‘p tomonlama formatda ayniqsa samarali bo‘lgan vositalar bilan to‘ldirish imkoniyatida namoyon bo‘ladi. Gap bir nechta davlatlarning ishlab chiqarish salohiyatini birlashtiruvchi loyihalar, umumiy infratuzilma, yangi transport yo‘nalishlari va moliyaviy mexanizmlar haqida bormoqda.
Shu nuqtayi nazardan, Bishkek sammiti Tashkilotning iqtisodiy kun tartibini yanada rivojlantirishning muhim bosqichiga aylanadi. Uning amaliy mazmun bilan boyitilishi korxonalarning bozorlarga, investitsiya resurslari va logistika imkoniyatlariga kirishini kengaytirish, ayni paytda sanoat kooperatsiyasi uchun yangi shart-sharoitlarni yaratish imkonini beradi.
