Markaziy Osiyo davlatlari va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasidagi soʻnggi oʻn yillik ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamda ilmiy-maʼrifiy munosabatlar bu mintaqadosh strategik sheriklarning hamkorlik bobida yangilanish davriga qadam qoʻyganliklarini koʻrsatmoqda.
Ayniqsa, mintaqa davlatlari Prezidentlarining yangi kelishuvlari va uchrashuvlari natijasida taʼlim transferi, ilmiy kooperatsiya, qoʻshma innovatsion loyihalar va malakali kadrlar tayyorlash tizimi rivojlanib bormoqda.
Aytish kerakki, Markaziy Osiyo mintaqasida geosiyosiy barqarorlik, iqtisodiy farovonlik va barqaror rivojlanishni taʼminlash bevosita qoʻshnichilik munosabatlari darajasiga bogʻliqdir. 2016-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosat konsepsiyasida “Yaqin qoʻshnichilik – ustuvor yoʻnalish” tamoyilining belgilanishi qardosh mamlakatlar bilan aloqalarni mutlaqo yangi, strategik darajaga olib chiqdi.
Asrlar davomida tarixi, madaniyati, dini va qadriyatlari mushtarak boʻlgan qondosh xalqlar bugungi kunda globallashuv va raqamli iqtisodiyot davrida integratsiyalashuv jarayonlarini yangi bosqichga koʻtarmoqdalar. Mazkur transformatsiya jarayonlarining eng muhim drayveri esa intellektual mulk, yaʼni taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikdir.
2016-yilga qadar qoʻshnichilik munosabatlarida maʼlum bir turgʻunlik, yillab oʻz yechimini topmagan muammolar mavjud edi. Biroq, Muhtaram Prezidentimizning tashqi siyosat bobidagi kuchli diplomatik va strategik mohirligi qardoshlar oʻrtasidagi eski “muzlarni eritdi”. Bu muvaffaqiyat taʼlim va madaniy aloqalarning kengayishi uchun ham xavfsiz va ishonchli poydevor yaratdi.
Masalan, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston yetakchilarining rasmiy tashriflari davomida imzolangan strategik sheriklik, doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik toʻgʻrisidagi deklaratsiyalar hamda hukumatlararo bitimlar bugungi kunda 200 dan ortiq normativ-hujjatlardan iborat mustahkam bazani tashkil etadi. 2016-yilda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi bor-yoʻgʻi 150-200 mln dollarni tashkil etgan boʻlsa, 2025–2026-yillarga kelib bu koʻrsatkich 1 mlrd dollardan oshdi. “Oʻzbekiston-Qirgʻiziston taraqqiyot jamgʻarmasi” tashkil etilib, u orqali oʻnlab sanoat, logistika va qishloq xoʻjaligi loyihalari moliyalashtirildi. Avtomobilsozlik – Qirgʻizistonda oʻzbek brendlari ostida mashina yigʻish zavodlari, toʻqimachilik va qurilish materiallari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻli qurilishining faol bosqichga kirishi butun mintaqaning transport-logistika xaritasini oʻzgartirib yubordi.
Oʻtgan davr ichida Oʻzbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Qirgʻiziston Taʼlim va fan vazirligi oʻrtasidagi munosabatlar tubdan isloh qilindi. 2016-yildan keyin ikki mamlakat universitetlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar oʻrnatishga keng yoʻl ochildi. Masalan, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oliy taʼlim muassasalari rektorlarining anʼanaviy forumlari yoʻlga qoʻyildi.
Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimi esa bu jarayonda mintaqaviy integratsiyaning bosh drayveri va ilm-fan xabiga aylanib ulgurdi. Bugungi kunda Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarida Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan 3 020 nafar yoshlar kelajak poydevorini qurishmoqda. Bu qoʻshni davlatlar ota-onalari va yoshlarining Oʻzbekiston taʼlim sifatiga boʻlgan yuksak ishonchi belgisidir. Bu borada Turkmanistondan kelgan 1 554 nafar, Qozogʻistondan kelgan 646 nafar, Tojikistondan kelgan 436 nafar hamda Qirgʻizistondan kelgan 384 nafar talaba oʻzaro ilmiy va madaniy tajriba almashgan holda yagona maorif oilasini tashkil etmoqda.
Intilishlarni amaliy qoʻllab-quvvatlash maqsadida, Oʻzbekiston hukumati Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari uchun maxsus Davlat grantlarini joriy etdi. Unga koʻra, har bir qoʻshni davlat uchun yiliga 20 tadan bepul taʼlim kvotasi ajratilishi yoʻlga qoʻyildi. Bu qadam mintaqada “maʼrifiy diplomatiya”ga keng yoʻl ochdi.
Chirchiq shahrida Muxtar Auezov nomidagi Janubiy Qozogʻiston universitetining filiali oʻz faoliyatini boshladi va ilk palladayoq 350 nafar talabani oʻz bagʻriga oldi. Mazkur eʼtiborning mantiqiy javobi sifatida Olmaota shahrida, Qozogʻiston milliy agrar universiteti bazasida “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetining filiali ish boshladi. Ayni paytda u yerda 16 nafar talaba transchegaraviy suv resurslari va agrar innovatsiyalar boʻyicha Oʻzbekiston ilmiy maktabi texnologiyalari asosida tahsil olmoqda. Osh va Jalolobod shaharlaridagi oliygohlarda oʻzbek tili va madaniyati markazlari, Toshkent va Andijonda esa qirgʻiz tili va adabiyoti kafedralari faoliyati qayta tiklandi va kengaytirildi.
Taʼlim sohasidagi buyuk integratsiya toʻlqini Markaziy Osiyo sarhadlaridan oshib, Kaspiy ortiga — Ozarbayjon bagʻriga qadar kirib bordi. Bu toʻlqin bilan bugun 44 ta ikki tomonlama yangi shartnoma va memorandumlar amaliy jarayonga shay. Hozirda Oʻzbekistonda Ozarbayjonning 51 nafar farzandi bilim olayotgan boʻlsa, Boku va Ganjaning nufuzli oliygohlarida 31 nafar oʻzbekistonlik maʼrifat sari intilmoqda. Ozarbayjon davlat pedagogika universiteti va Boku Slavyan universiteti auditoriyalarida 2024-yilda Toshkent davlat pedagogika universitetining 5 nafar talabasi tahsil olib qaytishdi. Shu yilning oʻzida Termiz, Toshkent va sanʼat dargohlarining 15 nafar yoshlari Ozarbayjondagi ilmiy anjumanlarda ishtirok etishdi. Bokudan Toshkentga tashrif buyurgan 11 nafar olim va professor esa oʻzbek talabalariga filologiya, psixologiya va menejment darslarini oʻtdilar.
Toshkent kimyo-texnologiya instituti va Boku Oliy neft maktabi oʻrtasida “Neft muhandisligi” va “Kimyo muhandisligi” yoʻnalishlari boʻyicha mutlaqo yangi, qoʻshma taʼlim dasturlarini yaratish ustida jiddiy ish boshlab yuborildi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti va Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi oʻrtasidagi hamkorlik ham faol davom etmoqda.
2019-yildan buyon Toshkentning Muhammad Fuzuliy nomidagi Ozarbayjon madaniyati, taʼlimi va tadqiqotlari markazi talabalar uchun sevimli maskanga aylangan. Bokudagi Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot instituti qoshida ulugʻ bobomiz Alisher Navoiy nomidagi Ilmiy-tadqiqot markazi esa ilm istagan yoshlarga oʻz eshiklarini keng ochdi. Navoiyxonlik va fuzuliyxonlik kechalari bugun ikki davlat yoshlarini birdek turkiy adabiyot olamiga maftun etmoqda.
Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutida Ozarbayjon musiqasining sultoni Qora Qorayev markazi talabalarni kuy-qoʻshiq sehri bilan oshno etmoqda. Termiz davlat universitetida Xurshidbonu Natavon markazining ochilishi janub vohasida ozar madaniyatiga koʻrsatilgan chiroyli ehtirom boʻldi. 2024-yilning 13-sentyabrida Ozarbayjonning goʻzal Ganja shahrida oʻzbek tili va madaniyatini dunyoga tanituvchi navbatdagi yangi markaz tantanali ravishda faoliyat boshladi.
Bugun ushbu koʻp tomonlama hamkorlik rishtalari Turkiy davlatlar tashkiloti deb atalgan ulkan oilaviy makonning eng muhim poydevoriga aylandi. Vazirliklar oʻrtasidagi uchrashuvlar, xususan, Ozarbayjon Ilm va taʼlim vaziri Emin Amrullayevning Toshkentga tashriflari va Milliy Majlis deputati Nagif Hamzayev bilan oʻtkazilgan muzokaralar xorijlik yoshlar uchun oʻzbek tilini xuddi Turkiyaning mashhur “TÖMER” tizimi kabi tizimli oʻrgatish loyihasini kun tartibiga chiqardi.
Muhimi — bugun turkiy davlatlar ilmda ham intellektual makon sifatida ham birlashmoqda.
Bir paytlar faqat qogʻozlarda aks etgan “umumiy uyimiz” gʻoyasi bugun universitetlar auditoriyalarida, talabalar orasidagi qizgʻin ilmiy bahslarda yashamoqda. Demakki, bugun qardosh ellar bagʻrida oʻz uyidek mehr va eʼtibor bilan ilm olayotgan talabalar ertaga butun mintaqaning iqtisodiy xavfsizligi, suv balansi, ekologiyasi va texnologik mustaqilligini taʼminlaydigan ziyo kuchiga aynadi. Shu maʼnoda Markaziy Osiyo taʼlim integratsiyasi — global dunyoda raqobatga bardosh bera oladigan yagona intellektual makon yaratishning eng toʻgʻri va oqilona yoʻlidir.
Fazliddin MOʻMINOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va
innovatsiyalar vazirligi boshqarma boshligʻi
