TERMIZ MULOQOTI: MADANIY-GUMANITAR ALOQALARDAN BARQAROR MINTAQAVIY ARXITEKTURANI BARPO ETISH SARI

TERMIZ MULOQOTI: MADANIY-GUMANITAR ALOQALARDAN BARQAROR MINTAQAVIY ARXITEKTURANI BARPO ETISH SARI

Bugungi kunda xalqaro munosabatlar tizimida kuzatilayotgan inqirozlar Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari uchun o‘zaro anglashuv, birlik va mushtarak maqsadlarga erishish zarurati tobora ortib borayotganidan yana bir bor dalolat bermoqda. Bu borada, o‘zaro tushunish va ishonchni mustahkamlashga yordam beradigan muloqot maydonlari alohida ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtayi nazardan, Termiz muloqoti hududlararo hamkorlikni rivojlantirish uchun platforma hisoblanadi. Uning birinchi yig‘ilishi 2025-yil 19-mayda bo‘lib o‘tgan bo‘lib, u hududlarning o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash va hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan edi.

Ushbu platformaga bo‘lgan talabning ortib borishi 2025-yil dekabr oyida Doha forumi doirasida Termiz muloqotiga bag‘ishlangan alohida sessiya tashkil etilishida o‘z aksini topdi. Muhokamalar hududlararo hamkorlikni kengaytirishga amaliy yondashuvlar muhimligini ko‘rsatdi.

Termiz muloqotining bu galgi yig‘ilishi platforma rivojlanishining yangi bosqichini – konseptual munozaralardan mintaqalararo hamkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarishning ustuvor yo‘nalishlari va amaliy mexanizmlarini belgilashga o‘tishni belgilab berishga qaratilgan.  Termiz muloqoti davomida madaniy aloqalarni mustahkamlash masalalariga alohida urg‘u berilishi kutilmoqda. Chunki o‘zaro bog‘liqlikni shunchaki savdo, infratuzilma va transport yo‘laklaridan ko‘ra kengroq tushunish kerak. U mintaqa jamoalarini birlashtiruvchi ijtimoiy, intellektual va madaniy aloqalarni o‘z ichiga oladi. Ushbu tarixni qayta ko‘rib chiqish zamonaviy mintaqaviy hamkorlik uchun muhim konseptual poydevor yaratadi.

E’tiborga molik jihati shundaki, o‘tmishda ham Termiz zardushtiylik, buddaviylik, xristianlik va islom an’analari paydo bo‘lgan va rivojlangan madaniyatlararo hamda diniy muloqot markazi bo‘lgan Yunon-Baqtriya, Kushon podshohliklari va boshqa qadimiy davlatlar o‘rtasida joylashgan shahar Temuriylar davrida taraqqiy etib, yirik savdo, hunarmandchilik va ilm-ma’rifat maskaniga aylangan[1]. Darhaqiqat, agar tariximizga nazar tashlaydigan boʻlsak, Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo mintaqasi mamlakatlari azaldan yagona makon sifatida uygʻun rivojlanib kelgan, barcha sohalarda yaqin hamkorlik qilgan. Buyuk mutafakkir Abu Rayhon Beruniyning “Hindiston”, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarlari va boshqa tarixiy manbalar bu yaqin rishtalarning yaqqol dalilidir. Qolaversa, Afg‘onistonning O‘zbekistondagi elchisi o‘rinbosari Muhammadsobir Turkistoniyning quyidagi fikrlari e’tiborga molik: “Bir vaqtlar Movarounnahr deb atalgan ikki daryo oralig‘idagi zaminda O‘zbekiston ham, Afg‘oniston ham joylashgan. Madaniyatimizda mushtarak jihatlar kam emas.  Alisher Navoiy hazratlari madaniy merosi O‘zbekiston va Afg‘oniston xalqlarining boyligidir. Alisher Navoiy bobomizning xoklari Hirot viloyatida. Hirotda sulton Husayn Boyqaro davrida qurilgan minoralarning hammasi yagona majmua sifatida qad ko‘targan. Zahiriddin Muhammad Bobur esa Kobulda dafn qilingan. Bog‘i Bobur deb ataladigan majmuada. Afg‘onistonda ham ulkan madaniyat muzeylari bor. Kobulda, Hirotda, Mozori Sharifdagi muzeylarimizda osori atiqalarimiz saqlanadi”[2]. Albatta, bugungi sa’y-harakatlarimizning asosiy maqsadi ana shu tarixiy aloqalarni rivojlantirish emas, balki tiklash, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlashdir. Shu maqsadda keyingi yillarda O‘zbekiston Janubiy Osiyo davlatlari bilan aloqalarni tobora rivojlantirmoqda.

Shu bilan birga, madaniy aloqalar va odamlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, bu esa iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish va foydalanilmayotgan salohiyatni ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.

Bu yondashuv xavfsizlikni ta’minlashda faqat harbiy-siyosiy vositalardan foydalanishning samarasizligini hisobga olgan holda dolzarbdir. Masalan, ijobiy natijalarga erisha olmaslik afg‘on zaminida tinchlik va barqarorlik o‘rnatish uchun qurol-yarog‘ va harbiylar yordamida amalga oshirilishi 2021-yilda AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistondan olib chiqilishi bilan yana bir bor tasdiqlandi. Shu nuqtayi nazardan, bugungi kunda O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan iqtisodiy aloqalari mamlakatda tinchlik o‘rnatish va uning iqtisodiyotini tiklashda muhim omillardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Statistika agentligining hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘zaro savdo aylanmasi 2021-yilda 653 mln dollar, 2022-yilda 688,8 mln dollar, 2023-yilda 784,1 mln dollar va 2024-yil yanvar-noyabr oylari bo‘yicha 999,9 mln dollarni tashkil etgan[3]. So’nggi besh yil ichida savdo aylanmasi 2,5 baravar o‘sib, 2025 yilda 1,68 milliard dollarga yetdi, O‘zbekiston eksporti esa taxminan 1,5 milliard dollarni tashkil etdi. Tomonlar savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha yangi o‘rta muddatli maqsadni belgilab oldilar. Shu boisdan O‘zbekiston bugungi kunda Afg‘onistonga sarmoya kirituvchi muhim davlatlardan biriga aylanmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasida imzolangan qiymati 1 mlrd dollarlik shartnomaga ko‘ra, Oʻzbekiston 10 yil davomida Jauzjon va Faryob viloyatlaridagi Toʻti Maydon gaz konini qayta ishlashda ishtirok etadi. Bu singari savdo-iqtisodiy vositalarni amalga oshirishda Surxondaryo viloyatida tashkil etilgan Termiz xalqaro savdo markazi juda muhim rol o‘ynaydi. Ushbu savdo markazi Afg‘oniston bilan hamkorlik qiluvchi turli tadbirkorlarga, ayniqsa, afg‘on tadbirkorlariga xizmat qiluvchi Markaziy Osiyodagi birinchi savdo zonasi hisoblanadi. Savdo markazida doimiy faoliyat yuritadigan ko‘rgazma-yarmarkalar, O‘zbekiston-Afg‘oniston biznes maktabi, Afg‘oniston fuqarolari bo‘lgan bemorlarga davolanish va tibbiy yordam olish uchun tibbiyot klinikasi, mehmonxona, qimmatbaho metallardan zargarlik buyumlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar, multivalyuta tizimi va umuman, tadbirkorlar emin-erkin savdo qilishga imkon beruvchi boshqa shart-sharoitlar yaratilgan.

Tahliliy ma’lumotlarga ko‘ra O‘zbekiston umumiy xalqaro transportning 60% Markaziy Osiyo davlatlari va Afg‘oniston tranzit yo‘llaridan o‘tadi. O‘zbekistonning Afg‘oniston orqali dengiz portlariga chiqishi Qora va Boltiq dengiziga chiqish portlaridan 2-3 marta, Tinch okeani portlari yo‘nalishidan 5 marta qisqaroqdir[4]. Iqtisodiy tahlilchilarning maʼlumotiga koʻra, Afg‘oniston orqali dengiz portlariga chiqish Markaziy ­Osiyodan Janubiy Osiyoga bitta konteynerni yetkazish narxi 900 dollardan 286 dollarga arzonlashadi. Bundan tashqari, yuk tashishga sarflanadigan vaqt 35 kundan 3-5 kungacha qisqaradi. Shu bilan birga, eksport salohiyati ham keskin oshadi. Transport-infratuzilmaviy kommunikatsiyalarni takomillashtirish va Markaziy Osiyoga xalqaro tranzit yuk tashuvchilarni jalb etish mintaqa davlatlarini birlashtiruvchi eng muhim vazifalardan biridir. Uni hal etish mintaqadagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash zarurati bilan belgilanadi.

Xulosa qilib aytganda, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash nuqtayi nazaridan o‘zaro bog‘liqlik Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining eng muhim vazifasidir. Shu ma’noda, Termiz muloqoti nufuzli xalqaro forum sifatida mintaqalarimiz o‘rtasidagi aloqalarni yanada kengaytirish, hamkorlikning yangi qirralarini ochish, tinchlik va taraqqiyot yo‘lidan dadil ilgarilab borishda o‘z samarasini beradi.

Shuningdek, Termiz muloqoti mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirishga turtki beruvchi maydon sifatida mushtarak tarixiy-madaniy va sivilizatsion aloqalarni tiklash barobarida, Afg‘oniston orqali yangi xalqaro transport-logistika yo‘laklari rivojlanishiga imkoniyat eshiklarini ochib beradi. Bir-biriga ishonch va manfaatlar to‘qnashuvi kuchayib borayotgan hozirgi murakkab sharoitda Termiz muloqoti kabi hamkorlik formati muhim ahamiyat kasb etadi.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti

Tashqi siyosat va xalqaro iqtisodiy munosabatlar instituti

direktor o‘rinbosari

PhD., O.Abdurahmonov

[1] Eldor Aripov: “Termiz muloqoti Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega”. (21.05.2025), https://daryo.uz/2025/05/21/eldor-aripov-termiz-muloqoti-markaziy-va-janubiy-osiyo-ortasidagi-ozaro-bogliqlikni-mustahkamlashda-muhim-ahamiyatga-ega

[2] Afg‘onistonda O‘zbekistonga aloqador madaniy boyliklar kam emas. (07.11.2023). https://xabar.uz/uz/madaniyat/afgonistonda-ozbekistonga-aloqador-madaniy-boyliklar-kam-emas

[3] O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo aylanmasi. 2024-yil yanvar-noyabr oylari uchun dastlabki ma’lumot // O‘zbekiston Respublikasi huzuridagi Statistika agentligi. – B.4.

[4] Akmalov Sh. O‘zbekiston va Afg‘oniston: o‘tmishdan hozirgacha. Monografiya. – T.: “Zamon poligraf”, 2023. – B. 70.