O’zbekiston Prezidenti va Malayziya Bosh vaziri oliy darajadagi kelishuvlarning amalga oshirilishini muhokama qildilar

O’zbekiston Prezidenti va Malayziya Bosh vaziri oliy darajadagi kelishuvlarning amalga oshirilishini muhokama qildilar

TOSHKENT, 15-iyul. /”Dunyo” AA/. O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko’ra, ikki mamlakat o’rtasidagi ko’p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari, shu jumladan Malayziya Bosh vazirining joriy yil may oyida O’zbekistonga tashrifi chog’ida erishilgan kelishuvlarning bajarilishi ko’rib chiqildi.

Parlamentlararo, hukumatlararo, ishbilarmonlik aloqalari sezilarli faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. 29-may kuni Putrajaya shahrida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo’yicha hukumatlararo komissiyaning birinchi yig’ilishi samarali o’tkazildi. O’zbekiston-Malayziya ishbilarmonlar kengashi tuzildi.

Sanoat, “yashil” energetika, neft-kimyo, elektrotexnika va boshqa tarmoqlarda yetakchi kompaniyalarning kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Gumanitar almashinuv va ziyorat turizmi bo’yicha qo’shma dasturlarni amalga oshirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar, shuningdek, bo’lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi ko’rib chiqildi.

O’zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat