Hurmatli delegatlar!
Xonimlar va janoblar!
Atrof-muhit va bioxilma-xillikni saqlash yo’lidagi muhim xalqaro tadbir – Yovvoyi hayvonlarning ko’chib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir konvensiyasi yig’ilishining barcha ishtirokchilari va mehmonlarini samimiy tabriklayman.
Avvalambor, Konvensiya kotibiyati va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Atrof-muhitni muhofaza qilish bo’yicha dasturiga ushbu nufuzli anjumanni mamlakatimizda o’tkazish tashabbusini qo’llab-quvvatlagani uchun chuqur minnatdorchilik izhor etaman.
Jahon sivilizatsiyasi beshiklaridan biri, bebaho me’morchilik durdonasi hisoblangan ko’hna Samarqandga xush kelibsiz!
So’nggi yillarda ushbu qadimiy va betakror shahar qator dolzarb muammolar bo’yicha muloqotlarning global markaziga aylanib bormoqda. Mazkur forum Samarqandning ekologik diplomatiyaning ta’sirli markazlaridan biri sifatida maqomini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shu o’rinda 2023-yilning dekabr oyida bu yerda cho’llanishga qarshi kurash bo’yicha xalqaro anjuman o’tkazilganini, joriy yil aprel oyida esa Markaziy Osiyoda iqlim o’zgarishlariga bag’ishlangan yirik forum tashkil etilishini alohida ta’kidlamoqchiman.
Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!
Barchangizga yaxshi ma’lumki, hayvonlarning ko’chib yuruvchi turlari sayyoramiz ekotizimlarining ajralmas qismi hisoblanadi. Afsuski, hozirgi kunda ular iqlim o’zgarishi, yashash joylarining yaroqsiz holga kelishi, noqonuniy ov va savdo kabi jiddiy tahdidlar bilan to’qnash kelmoqda.
Natijada hayvonlarning genetik resurslari qisqarmoqda, ularning nodir va noyob turlari, tabiiy uyg’unlik va ekotizimlar yo’qolib bormoqda.
Tadqiqotlarga ko’ra, Yer yuzidan so’nggi 50 yilda ularning 100 dan ortiq turlari, Markaziy Osiyoda esa 26 turdagi qushlar, 12 turdagi sut emizuvchilar, jumladan, Turon yo’lbarsi, Osiyo qoploni va boshqa endemik turlar butunlay yo’q bo’lib ketdi.
Bioxilma-xillikni kelajak avlodlar va barqaror rivojlanish uchun saqlash, inson hayotining tabiat bilan uyg’unligini ta’minlash – bizning umumiy maqsadimizdir. Bu butun xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatlarini birlashtirishni, muvofiqlashtirilgan va kechiktirib bo’lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab etadi.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
O’zbekistonda ko’chib yuruvchi yovvoyi hayvonlar turlarini saqlashga katta e’tibor qaratilmoqda. So’nggi yillarda eng avvalo, sohaning huquqiy bazasi takomillashtirildi, yangi qonunchilik hujjatlari qabul qilindi va ularning samarali ijrosi ta’minlanmoqda. Davlat boshqaruv organlari, biznes va fuqarolik jamiyatlarining ijtimoiy mas’uliyatini oshirishni qamrab olgan institutsional tizim mustahkamlanmoqda.
Mazkur sohada fundamental va amaliy tadqiqotlarning eng ilg’or maktabi bo’lgan Fanlar akademiyasining Zoologiya instituti o’z faoliyatini qayta tikladi. Qisqa muddatda ko’chib yuruvchi turlarni ishonchli himoya qilishni ta’minlovchi qo’riqlanadigan tabiiy hududlar uch karraga oshirilib, mamlakatimiz umumiy maydonining 14 foiziga yetkazildi. O’zbekistonning nodir tabiat landshaftlari YUNЕSKOning Butunjahon tabiiy meros ro’yxati, Butunjahon biosfera rezervatlari tarmog’iga va Ramsar konvensiyasi obyektlari ro’yxatiga kiritildi.
Yovvoyi hayvonlarni parvarish qilish uchun yangi pitomniklar tashkil etildi. Noyob qush turlari va sut emizuvchilarni o’z yashash makonlarida ko’payishini qayta tiklash bo’yicha dasturlar amalga oshirilmoqda. Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektar maydonda o’rmonlar yaratilgani o’simliklar xilma-xilligini va hayvonot dunyosini qayta tiklash imkonini bermoqda.
O’zbekiston 2024-2027-yillarda Konvensiyaga raisligi davrida ko’chib yuruvchi hayvon turlarini himoya qilishga o’zining butun kuch va salohiyatini to’liq safarbar qilishga tayyordir. Biz Samarqandda bu borada kelgusidagi ishlarimizning asosiy yo’nalishlarini belgilab beradigan 2024-2032-yillarga mo’ljallangan Yangi strategik reja tasdiqlanayotganini olqishlaymiz.
Shuningdek, Hayvonlarning ko’chishiga to’siqlardan xoli ekologik yo’laklarni yaratish bo’yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va qabul qilishni qo’llab-quvvatlaymiz.
Infratuzilma obyektlari – avtomobil va temir yo’llar, gaz quvurlari va chegara inshoatlarining qurilishi yovvoyi hayvonlar migratsiyasiga salbiy ta’sir ko’rsatishini kamaytirish uchun ekologik baho berilishi bo’yicha talabni kuchaytirish muhim, deb hisoblaymiz.
Hozirgi vaqtda O’zbekiston transchegaraviy tabiiy parklar yaratish bo’yicha mintaqa mamlakatlari bilan yaqin hamkorlik qilmoqda va ular sonini keskin ko’paytirish niyatidamiz.
Bir vaqtlar Ustyurt platosi kengliklarida yashagan va inson omili ta’sirida yo’qolib ketgan Osiyo qoploni populyatsiyasini qayta iqlimlashtirishni boshlash niyatidamiz. Olimlar va ekspertlarni bu yo’nalishda hamkorlikka chorlab qolamiz.
Fursatdan foydalanib, Atrof-muhitni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining Toshkentda o’z vakolatxonasini ochish bo’yicha qarori uchun alohida tashakkur aytmoqchiman. Biz tashkilotning mintaqamiz flora va faunasini saqlab qolishdek xayrli faoliyatiga har tomonlama ko’mak ko’rsatishga tayyormiz.
Hurmatli forum ishtirokchilari!
Bugungi konferensiyada qabul qilinayotgan qarorlarning hayotga tatbiq etilishi ko’chib yuradigan yovvoyi hayvonlarni saqlash bo’yicha xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish va uning samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Bu yo’ldagi sharafli va mas’uliyatli ishlaringizda sizlarga katta omadlar, kuch-g’ayrat va yangi muvaffaqiyatlar yor bo’lishini tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti