TOSHKENT, 9-yanvar. /”Dunyo” AA/. O’zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan telefon orqali muloqot chog’ida 2024-yilga mo’ljallangan rejalarni muhokama qildilar, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
«Hamkasbim, Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan janoblari bilan telefon orqali muloqot qilishdan mamnunmiz, – deb yozdi O’zbekiston TIV rahbari o’zining telegram kanalida. – O’zbekiston bilan Turkiya o’rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarining tobora kengayib borayotgan kun tartibini muhokama qildik. Suhbat chog’ida 2023-yilning muvaffaqiyatli yakunlarini sarhisob qilib, 2024-yilga mo’ljallangan rejalarimizni ko’rib chiqdik».
Eslatib o’tamiz, 2023-yil 26-27-sentyabr kunlari Anqara shahrida O’zbekiston va Turkiya tashqi siyosat idoralari rahbarlari Baxtiyor Saidov va Hakan Fidan raisligida O’zbekiston-Turkiya strategik rejalashtirish guruhining navbatdagi yig’ilishi bo’lib o’tdi. Muzokaralarda ikki tomonlama hamkorlikda erishilgan yutuqlar sarhisob qilinib, yaqin va uzoq muddatli maqsadlar belgilab olindi.
“Dunyo” AA arxividan olingan surat