TOSHKENT, 17-oktyabr. /”Dunyo” AA/. Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun rafiqasi bilan birga amaliy tashrif bilan Pekin shahriga keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko’ra, “Shoudu” xalqaro aeroportida O’zbekiston Prezidentini XXR favqulodda vaziyatlar vaziri Van Syansi va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
Oliy martabali mehmonlar sharafiga ikki mamlakat davlat bayroqlari ko’tarildi, faxriy qorovul saf tortdi.
Tashrif doirasida 17-18-oktyabr kunlari davlatimiz rahbari XXR Raisi Si Szinpin va Xitoy Xalq siyosiy maslahat kengashi raisi Van Xunin bilan muzokaralar, boshqa ikki tomonlama uchrashuvlar o’tkazishi rejalashtirilgan.
O’zbekiston yetakchisi “Bir makon, bir yo’l” xalqaro forumining ochilishida ishtirok etadi va yalpi sessiyasida nutq so’zlaydi.