TOSHKENT, 17-sentyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti 16 sentyabr kuni Nyu-York shahriga keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, Prezident Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi tadbirlarida ishtirok etadi.
Aeroportda oliy martabali mehmonni Nyu-York shahri meri Erik Adams, AQSH-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
Tashrif dasturiga muvofiq, 19 sentyabr kuni davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasi yalpi sessiyasining umumiy munozaralarida nutq so‘zlaydi hamda mintaqaviy va global kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bayon qiladi.
Yilning bosh xalqaro siyosiy tadbiri doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlari yetakchilari sammiti, xorijiy davlatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar va AQSHning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tadi.