O‘zbekiston Prezidenti TURKSOY tashkilotining 30 yilligi munosabati bilan mamlakatimizda o‘tkazilayotgan Madaniyat kunlari ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi

O‘zbekiston Prezidenti TURKSOY tashkilotining 30 yilligi munosabati bilan mamlakatimizda o‘tkazilayotgan Madaniyat kunlari ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi

Assalomu alaykum, qadrli do‘stlar!

Hurmatli mehmonlar!

Avvalo, siz, azizlarni Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY tashkil topganining 30 yilligi bilan samimiy tabriklayman.

Turkiy dunyoning atoqli madaniyat va sanʼat namoyandalarini, shoir va rassomlari, kinoijodkorlarini, isteʼdodli yoshlarni Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan xalqaro madaniyat anjumanida ko‘rib turganimizdan benihoya mamnunmiz.

O‘zbekiston zaminiga xush kelibsiz!

Biz azaldan tarixi, tili va dini, urf-odat va anʼanalari, bugungi orzu-intilishlari mushtarak bo‘lgan xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik munosabatlarini mustahkamlashda TURKSOYning ulkan o‘rni hamda ahamiyati borligini minnatdorlik bilan eʼtirof etamiz.

Hozirgi kunda global olamda shiddat bilan kechayotgan jarayonlar barchamizdan siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy hamkorlik bilan birga, ilm-fan, taʼlim-tarbiya, madaniyat va sanʼat, adabiyot, sog‘liqni saqlash, turizm, sport singari muhim sohalarni rivojlantirish borasida birgalikda harakat qilishni talab etmoqda.

Turkiy millatlarning maʼnaviy birligini taʼminlash, mushtarak qadriyatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirish, umumiy boyligimiz bo‘lmish noyob tarixiy merosimizni o‘rganish va targ‘ib etish, buyuk ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish borasida keng ko‘lamli madaniy-gumanitar dasturlar amalga oshirib kelinmoqda.

TURKSOY tomonidan o‘tkazib kelinayotgan yirik anjumanlar madaniyat va sanʼat sohasini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bilan bir qatorda, xalqlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qilayotgani eʼtiborga molikdir.

Jumladan, o‘tgan davr mobaynida Ostona, Turkiston, Eskishahar, Kastamonu, Bursa, Qozon, Mari, Sheki, O‘sh va Xivaning Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti deb eʼlon qilingani ushbu qadimiy va go‘zal shaharlarimizning shon-shuhratini yana-da oshirdi, desak, ayni haqiqat bo‘ladi.

O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotiga to‘laqonli aʼzo bo‘lib kirganidan so‘ng barcha sohalar singari TURKSOY faoliyati doirasidagi hamkorlik aloqalari ham yangi bosqichga ko‘tarildi.

Xususan, aʼzo davlatlarda, shu jumladan, O‘zbekistonda turkiy mamlakatlar madaniyati va sanʼati kunlari, yoshlar va teatr festivallari, ijodiy forumlar uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda.

Tashkilot doirasidagi ilmiy-maʼrifiy anjumanlar, turkiy tillar va adabiyotlari rivojiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyalarda mamlakatimiz olim va ijodkorlari faol qatnashmoqda.

Ana shu hamkorlikning amaliy samarasi sifatida yurtimizda “Turkiy adabiyot durdonalari” deb nomlangan 100 jildlik kitoblar turkumi nashr etilgani, unga O‘zbekiston, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkmaniston va Vengriya davlatlaridan jami 450 dan ziyod mumtoz va zamonaviy shoir, adib va mutafakkirlarning asarlari kiritilganini taʼkidlash joiz.

Turkiy dunyoning siyosat, ilm-fan, tibbiyot, adabiyot va sanʼat sohalarida ulkan yutuqlarga erishgan namoyandalarini rag‘batlantirish maqsadida buyuk shoir va mutafakkir Mir Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot taʼsis etilgani madaniy hayotimizda muhim voqea bo‘ldi.

Bu yil go‘zal Navoiy shahrida bo‘lib o‘tgan TURKSOY yozarlar birligining birinchi yig‘ilishi hamda “Mumtoz sheʼriyat” deb nomlangan xalqaro festival turkiy adabiyot olamida katta aks sado berdi.

Shuningdek, tashkilot bilan hamkorlikda Guliston shahrida III Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali, Toshkent shahrida Turk dunyosi talabalar xalqaro teatr festivali hamda Marg‘ilon shahrida “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro folklor festivali yuqori saviyada o‘tkazildi.

2023 yilda buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniyning 1050 yillik, Zahiriddin Muhammad Boburning 540 yillik tavallud sanalarini ham, nasib etsa, birgalikda nishonlaymiz.

TURKSOYning 30 yillik qutlug‘ sanasiga bag‘ishlangan madaniyat kunlarining aʼzo davlatlar poytaxtlari hamda BMT, YUNESKO kabi nufuzli xalqaro tashkilotlarning rasmiy qarorgohlarida keng nishonlanishi – bu avvalo jahon hamjamiyatining turkiy xalqlar madaniyati, urf-odat va qadriyatlariga yuksak hurmat-ehtiromi ramzidir.

Zero, turkiy dunyomizning havas qilsa arziydigan buyuk tarixi, ulug‘ ajdodlari, madaniyati va sanʼati bor. Eng muhimi, mana shunday bebaho maʼnaviy boylikning munosib vorislari bor.

Turkiy davlatlar tashkilotiga raislik qilayotgan O‘zbekistonda bugun o‘z ishini boshlayotgan madaniyat bayrami faoliyatiga muvaffaqiyat va barchangizga sermahsullik tilab, yana bir bor o‘zimning samimiy va ezgu tilaklarimni izhor etishdan baxtiyorman.

Hurmat bilan,

Shavkat MIRZIYOYEV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti