Singapur Prezidenti davlat tashrifi bilan Oʻzbekistonga keldi

Singapur Prezidenti davlat tashrifi bilan Oʻzbekistonga keldi

TOSHKENT, 23-may. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Singapur Prezidenti Halima Yaqub bugun davlat tashrifi bilan Oʻzbekistonga keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga koʻra, poytaxtimiz aeroportida oliy martabali mehmon sharafiga ikki davlat bayroqlari koʻtarildi va faxriy qorovul saf tortdi.

Singapur Prezidenti va uning turmush oʻrtogʻini Oʻzbekiston Bosh vaziri oʻrinbosari Zulayho Mahkamova, tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqov kutib oldi.

Oliy martabali mehmon va Singapur delegatsiyasi aʼzolari “Yangi Oʻzbekiston” bogʻiga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gul qoʻydi, mamlakatimizning istiqlol yillaridagi rivojlanishi va ushbu betakror majmuaning yaratilishi tarixi bilan tanishdi, milliy madaniy markazlar vakillari bilan uchrashdi.

Tashrifning asosiy tadbirlari ertaga boʻlib oʻtadi.