O‘zbekiston Prezidenti Baxtiyor Saidovni tashqi ishlar vaziri lavozimiga tasdiqladi

O‘zbekiston Prezidenti Baxtiyor Saidovni tashqi ishlar vaziri lavozimiga tasdiqladi

TOSHKENT, 25-aprel. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyevning  farmoni bilan  Baxtiyor Saidov O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri lavozimiga tasdiqlandi, deb xabar  bermoqda “Dunyo” AA muxbiri  davlatimiz rahbarining matbuot  kotibi  Sherzod Asadovning telegram kanalidagi manbaga tayanib.

Bundan ilgariroq Baxtiyor Saidovning nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan maʼqullangan edi.

Baxtiyor Saidov  42 yoshda.  Qariyb 20 yildan buyon davlat xizmatida faoliyat yuritib kelmoqda.  2022 yil 30 dekabr kuni  TIV rahbari lavozimiga tayinlangunga qadar O‘zbekiston xalq taʼlimi vaziri sifatida faoliyat yuritgan. 2017-2021 yillarda O‘zbekistonning Xitoy, bir vaqtning o‘zida o‘rindoshlik asosida Mo‘g‘uliston va Filippindagi elchisi sifatida ishlagan. 2009-2013 yillarda O‘zbekistonning Koreya Respublikasidagi elchixonasida savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan. Favqulodda va Muxtor elchi diplomatik martabasiga ega.

Avval   O‘zbekistonda turli rahbarlik lavozimlarida, jumladan, Vazirlar Mahkamasi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, shuningdek, “O‘zbekengilsanoat” AJda katta tajriba to‘plagan.

Davlatimiz rahbarining farmoni bilan “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan.

Szyansi universiteti faxriy professori unvoniga ega.

2020 yilda Shanxay hamkorlik tashkiloti Mudofaa vazirlari kengashi qarori bilan SHHT makonida harbiy sohada do‘stlik va hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun nishon bilan taqdirlangan.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (bakalavriat va magistratura), shuningdek, Jahon savdo tashkiloti instituti (Shveysariya) bitiruvchisi.

Oilali, uch nafar farzandi bor.