O‘zbekiston Prezidenti Rossiya Hukumati Raisining o‘rinbosari bilan uchrashuvda qo‘shma investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishni jadallashtirish muhimligini qayd etdi

O‘zbekiston Prezidenti Rossiya Hukumati Raisining o‘rinbosari bilan uchrashuvda qo‘shma investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishni jadallashtirish muhimligini qayd etdi

TOSHKENT, 25 aprel. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun shu kunlarda Toshkent shahrida o‘tayotgan «Innoprom. Markaziy Osiyo» xalqaro sanoat ko‘rgazmasida Rossiya delegatsiyasiga boshchilik qilayotgan Hukumat Raisining o‘rinbosari, sanoat va savdo vaziri Denis Manturovni qabul qildi, deb  xabar  bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

 Davlatimiz  rahbari matbuot  xizmati maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuvda ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

O‘zbekiston yetakchisi 35 mamlakat biznesining 5 ming nafardan ziyod vakillari ishtirokidagi “Innoprom” forumi muvaffaqiyatli tashkil etilgani va o‘tkazilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Tovar ayirboshlash surʼatini saqlash va iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Ikki mamlakat hududlarining amaliy sherikligini yana-da rivojlantirish va hamkorlikni aniq loyihalar bilan boyitish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlandi. Misol tariqasida joriy haftada Jizzax viloyatida texnologik park ishga tushirilgani qayd etildi.

Loyiha ofisi faoliyati doirasida, shu jumladan energetika, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, farmatsevtika kabi yo‘nalishlarda va boshqa tarmoqlarda investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishni jadallashtirish muhim ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Sanoat ishlab chiqarishini qo‘llab-quvvatlashda Rossiya tajribasini joriy etishga qiziqish bildirildi hamda qo‘shma loyihalarni ilgari surishning institutsional mexanizmlarini kuchaytirish zarurligi qayd etildi.