O‘zbekiston Prezidenti Fransiya Prezidentining maslahatchisi bilan uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi har tomonlama sheriklikni yana-da kengaytirish muhimligini taʼkidladi

O‘zbekiston Prezidenti Fransiya Prezidentining maslahatchisi bilan uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi har tomonlama sheriklikni yana-da kengaytirish muhimligini taʼkidladi

TOSHKENT, 3-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Fransiya Prezidentining maslahatchisi Izabel Dyumonni qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuvda oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalari va ikki mamlakatning har tomonlama sherikligini kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning samimiy salomi va shaxsiy maktubini yetkazdi.

Uchrashuvda faol siyosiy muloqotlarni davom ettirish, o‘zaro savdo hajmini oshirish, Fransiyaning yetakchi kompaniya va banklari bilan “yashil” energetika, qazib chiqarish, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, suv taʼminoti tizimini, transport va turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish kabi yo‘nalishlarda birgalikdagi yirik loyihalarni ilgari surish muhimligi alohida taʼkidlandi.

Parij shahridagi Luvr muzeyi va Arab dunyosi institutidagi madaniy tadbir va ko‘rgazmalar muvaffaqiyatli o‘tgani yuksak baholandi. O‘zbekiston maktablarida fransuz tilini o‘rganishni kengaytirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashildi.