MSK: O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 55 ta referendum uchastkasi tuziladi

MSK: O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 55 ta referendum uchastkasi tuziladi

TOSHKENT, 28-mart. /“Dunyo” AA/.  Kecha O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda  “Dunyo” AA muxbiri.

 Unda O‘zbekiston Respublikasi referendumiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.

Markaziy saylov komissiyasi Matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra,  «O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 16 va 18-moddalariga, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 16-moddasiga, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2022 yil 13 iyuldagi 1178-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida referendum uchastkalari hamda referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyalarini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga asosan hamda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida referendum uchastkalari tuziladi.

Ushbu qonun talablaridan kelib chiqib, Markaziy saylov komissiyasi majlisida O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 55 ta referendum uchastkasini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi va hamda mazkur referendum uchastkalarini 14-Toshkent shahar referendum okrugiga biriktirildi.

Maʼlumki, referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalarining vakillari qatnashish huquqiga egadirlar. Ular Markaziy saylov komissiyasi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.

Majlisda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga asosan 2023 yil 30 aprelda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasining referendumida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosidan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Shuningdek majlisda bir qator mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish masalasi ham ko‘rib chiqildi.