O‘zbekiston Prezidenti amaliy tashrif bilan Turkiyaga boradi hamda Turkiy davlatlar tashkilotining favqulodda sammitida ishtirok etadi

O‘zbekiston Prezidenti amaliy tashrif bilan Turkiyaga boradi hamda Turkiy davlatlar tashkilotining favqulodda sammitida ishtirok etadi

TOSHKENT, 14-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning taklifiga binoan, Turkiy davlatlar tashkilotining favqulodda sammitida ishtirok etish uchun 15-16 mart kunlari amaliy tashrif bilan Anqara shahrida bo‘ladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, navbatdan tashqari sammitning kun tartibiga muvofiq, favqulodda vaziyatlarni boshqarish va gumanitar yordam ko‘rsatish borasida ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, tabiiy ofatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish istiqbollari ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, sammit davomida xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashiladi.

Tashrif davomida sammit doirasida qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Taʼkidlash kerakki, joriy yilda Turkiy davlatlar tashkilotiga O‘zbekiston Respublikasi raislik qilmoqda. Samarqand sammitida erishilgan kelishuvlarga muvofiq,  savdo, “yashil” iqtisodiyot, investitsiyalar, innovatsiyalar, transport, logistika, fan, taʼlim va madaniy-gumanitar almashinuv sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da kengaytirishga qaratilgan 30 dan ortiq ko‘p tomonlama tadbir amalga oshirilmoqda.