O‘zbekiston Prezidenti Turkmaniston Prezidentiga tabrik yo‘lladi

O‘zbekiston Prezidenti Turkmaniston Prezidentiga tabrik yo‘lladi

Turkmaniston Prezidenti

Serdar Berdimuhamedov

Janobi Oliylariga

Hurmatli Serdar Gurbanguliyevich! 

O‘zbek va turkman xalqlari tarixidagi muhim va qutlug‘ sana – davlatlarimiz o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga samimiy tabriklarim va ezgu tilaklarimni yo‘llashdan behad mamnunman.

Turkmaniston biz uchun ko‘p asrlik yaqin do‘st va ahil qo‘shni, umumiy madaniy anʼanalar, o‘xshash til va urf-odatlarga ega bo‘lgan hamda davr sinovlaridan o‘tgan ishonchli sherikdir.

Ikki davlatning istiqlol yillarida bosib o‘tgan yo‘llariga nazar tashlar ekanmiz shuni alohida taʼkidlash o‘rinliki, 30 yil mobaynida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning mustahkam siyosiy-diplomatik va huquqiy poydevorini yaratishga muvaffaq bo‘ldik.

Mushtarak siyosiy irodamiz orqali o‘zaro hurmat va bir-birini qo‘llab-quvvatlashga asoslangan strategik sheriklik munosabatlari so‘nggi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilib, amaliy mazmun bilan boyib bormoqda. Oliy darajadagi siyosiy muloqotlar, parlamentlararo va hududlararo aloqalar yana-da faollashmoqda.

Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar hamkorlik hamda suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha Hukumatlararo komissiyalar doirasida ikki tomonlama faoliyatning barcha jabhalari bo‘yicha qatʼiy saʼy-harakatlarni amalga oshirmoqdamiz.

Siz bilan 2022 yilda Toshkent, Samarqand va Ashxobod shaharlarida bo‘lib o‘tgan do‘stona va sermahsul uchrashuvlarimiz chog‘ida ko‘p qirrali hamda uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini izchil rivojlantirishdan manfaatdor ekanimizni yana bir bor tasdiqladik.

Shu o‘rinda xalqlarimiz farovonligi yo‘lida O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida hali ishga solinmagan katta imkoniyatlar mavjudligini, o‘zaro savdo aylanmasini keskin oshirish va mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish hamda sanoat kooperatsiyasini yana-da kuchaytirishga tayyor ekanimizni qayd etishni istardim.

Hurmatli Serdar Gurbanguliyevich!

Ishonchim komilki, davlatlarimiz o‘rtasida qaror topgan va boshqalarga ham o‘rnak bo‘la oladigan strategik sheriklik munosabatlari bundan buyon ham azaldan yaqin qardosh ellarimizning umumiy manfaatlari va ravnaqi yo‘lida muvaffaqiyatli rivojlanib boraveradi.

Fursatdan foydalanib, Sizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat va g‘oyat masʼuliyatli faoliyatingizda ulkan zafarlar, qardosh Turkmaniston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, doimiy taraqqiyot va yana-da farovonlik tilayman.

Hurmat bilan,

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti