O‘zbekiston TIV rahbari Vengriya elchisini qabul qildi

O‘zbekiston TIV rahbari Vengriya elchisini qabul qildi

TOSHKENT, 31 yanvar. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Saidov Vengriya elchisi Dyula Kovachni qabul qildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

 

TIV maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Vengriyani Yevropadagi asosiy hamkorlaridan biri deb bilishi, ikki tomonlama muloqotni rivojlantirish va amaliy hamkorlik kun tartibini kengaytirishdan manfaatdor ekani taʼkidlandi.

Oliy darajadagi muzokaralar doirasida erishilgan kelishuvlarni to‘liq amalga oshirishning amaliy jihatlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni, jumladan, O‘zbekiston iqtisodiyoti tarmoqlarida aniq qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali kengaytirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Tomonlar mintaqaviy va xalqaro birlashmalar, xususan, BMT va Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekani tasdiqlandi. Shuningdek, O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni tez fursatlarda imzolash hamda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi dolzarbligi qayd etildi.