26-27 yanvar kunlari Bishkekda oliy darajadagi O‘zbekiston-Qirg‘iziston sammiti bo‘lib o‘tadi

26-27 yanvar kunlari Bishkekda oliy darajadagi O‘zbekiston-Qirg‘iziston sammiti bo‘lib o‘tadi

TOSHKENT, 24-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning taklifiga binoan 26-27 yanvar kunlari davlat tashrifi bilan Qirg‘izistonda bo‘ladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbarining Matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, ikki mamlakat yetakchilarining uchrashuvlari Bishkek shahrida bo‘lib o‘tadi.

Oliy darajadagi muzokaralar kun tartibidan O‘zbekiston-Qirg‘iziston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yana-da mustahkamlash masalalarining keng doirasi o‘rin olgan.

O‘zaro savdoni ko‘paytirish, sanoat kooperatsiyasi dasturlarini qo‘llab-quvvatlash va mintaqaviy infratuzilma loyihalarini ilgari surishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Sammit yakunida ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plamini qabul qilish ko‘zda tutilgan.

“Dunyo” AA arxividan olingan surat.