O‘zbekiston TIV rahbari Yaponiya tashqi ishlar vazirining parlamentar o‘rinbosari bilan uchrashdi

O‘zbekiston TIV rahbari Yaponiya tashqi ishlar vazirining parlamentar o‘rinbosari bilan uchrashdi

TOSHKENT, 11-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Saidov bugun mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Yaponiya tashqi ishlar vazirining parlamentar o‘rinbosari Yosikava Yuumi bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

TIV maʼlumotiga ko‘ra, muloqotda avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, shuningdek, turli darajalarda rejalashtirilgan tadbirlar jadvali yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.

Parlamentlararo aloqalarni faollashtirish muhimligi taʼkidlandi. Yaponiya parlamentining O‘zbekiston bilan «Do‘stlik ligasi» mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shgani qayd etildi.

«Markaziy Osiyo+Yaponiya» muloqoti doirasida transport, logistika, qayta tiklanadigan energiya, suvdan samarali foydalanish va ekologiya sohalaridagi qo‘shma loyihalarni ilgari surish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishdan tomonlarning manfaatdor ekanligi maʼlum qilindi.

O‘zbekiston va Yaponiyaning xalqaro institutlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashga sodiqligi tasdiqlandi.

Taʼlim, kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish sohalarida hamkorlik uchun katta salohiyat mavjudligi taʼkidlandi.