TOSHKENT, 19-dekabr. /“Dunyo” AA/. Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi ijroiya kengashining 29-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi maʼlumotiga ko‘ra, unda 2025 yili O‘zbekistonda o‘tkaziladigan “Toshkent-2025” Para Osiyo o‘yinlariga ko‘rilayotgan tayyorgarlik masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Toshxo‘jayev qatnashgan ushbu anjuman davomida O‘zbekistonda mazkur o‘yinlarni tashkil etish borasida keng qamrovli ishlar olib borilayotgani yuqori baholandi.
Yig‘ilish davomida Osiyo Paralimpiya qo‘mitasining 2022 yilgi faoliyati, shuningdek, Toshkentda yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladigan Para Osiyo o‘yinlarining texnik-taktik jarayonlari, o‘yinlar dasturidan o‘rin oladigan sport turlari, hakamlik va tegishli komissiyalar faoliyati yuzasidan atroflicha fikr almashildi.