Bugun Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining sammiti o‘z ishini boshlamoqda

Bugun Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining sammiti o‘z ishini boshlamoqda

TOSHKENT, 10 noyabr. /“Dunyo” AA/. Joriy yil 10-11 noyabr kunlari Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga tayanib..

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tadigan tadbirda Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban ishtirok etadi.

Shuningdek, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY), Turkiy davlatlar parlament assambleyasi (TURKPA), Xalqaro turkiy akademiya, Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi hamda ushbu ko‘p tomonlama tuzilmaning kotibiyati rahbarlari qatnashishi rejalashtirilgan.

Sammit kun tartibidan iqtisodiyot, savdo, investitsiya, transport, innovatsiya, ekologiya, turizm, madaniy-gumanitar va  boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali hamkorlikni yana-da rivojlantirish, Tashkilot faoliyatini takomillashtirish masalalari o‘rin olgan. Bu BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘liq mos keladi.

Yakunda Samarqand deklaratsiyasi hamda Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan boshqa muhim qaror va hujjatlar qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.