TOSHKENT, 1-noyabr. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Germaniya federal tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuvda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yana-da kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Ikki mamlakat tashqi siyosiy idoralari darajasida sermahsul almashinuvlarni davom ettirish, birgalikdagi ishbilarmonlik tashabbuslari va biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini samarali ishga solish, madaniy-gumanitar tadbirlarni o‘tkazish muhimligi taʼkidlandi.
O‘zaro savdo va investitsiya ko‘rsatkichlari o‘sayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash 45 foizga oshdi. Jalb etilgan investitsiyalar hajmi joriy yil yakuniga borib 1 milliard yevrogacha bo‘ladi. Xususan, bugungi kunda O‘zbekistonda Germaniyaning 200 dan ortiq yetakchi kompaniyalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Bundan tashqari, moliyaviy-texnik hamkorlik, shu jumladan “KfW” banki va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati ishtirokida kengayib bormoqda.
Tashqi siyosiy idora rahbari Annalena Berbok Yangi O‘zbekistondagi demokratik yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturi Germaniya tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotganini yana bir bor qayd etdi.
Tomonlar “yashil” iqtisodiyot, muqobil energetika, innovatsiyalar, resursni tejovchi va ekologik toza texnologiyalarni qo‘llash, ilg‘or taʼlim metodikalarini joriy qilish kabi ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni yana-da rivojlantirishdan manfaatdor ekani taʼkidlandi.