Prezident Sharl Mishel: Biz O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda barqarorlik va hamkorlikni mustahkamlashdagi rolini yuqori baholaymiz

Prezident Sharl Mishel: Biz O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda barqarorlik va hamkorlikni mustahkamlashdagi rolini yuqori baholaymiz

TOSHKENT, 28-oktabr. /“Dunyo” AA/. Bugun poytaxtimizda Yevropa Ittifoqi delegatsiyasining O‘zbekistondagi yangi ofisining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

 

“Ko‘ksaroy” qarorgohida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunlangach, Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishel  O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov hamrohligida Yevropa Ittifoqi delegatsiyasining Toshkentdagi yangi ofisining ochilish marosimida ishtirok etdi.

Yuqori martabali mehmon tadbir doirasida OAV vakillariga intervyu berdi.

– Bugun O‘zbekiston Prezidenti bilan uchrashuv chog‘ida Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochadigan, siyosat, iqtisodiyot, xavfsizlik va insoniy o‘lchovlar sohalaridagi keng ko‘lamli masalalar bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning parafillanganini olqishladik.

Biz O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda barqarorlik va hamkorlikni mustahkamlashdagi rolini yuqori baholaymiz. O‘zaro bog‘liqlikni muhim deb hisoblaymiz va kelgusida Markaziy Osiyo davlat rahbarlari bilan muntazam ravishda uchrashib, o‘zaro bog‘liqlik, “yashil” iqtisodiyot va barqarorlik masalalarini birgalikda muhokama qilishni rejalashtirganmiz. Bunday mazmundagi muntazam uchrashuvlar o‘zaro anglashuvni yaxshilashga yordam beradi.

Kecha biz YEI va Markaziy Osiyo hamkorligi masalalariga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazdik. O‘zbekiston va mintaqadagi boshqa davlatlar katta hajmdagi tabiiy resurslarga ega va geografik joylashuvi nuqtai nazaridan Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi ko‘prikdir. Xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida barqarorlikka erishish yo‘lida yana-da ko‘proq ishlar qilishimiz mumkin, deb bilaman.

Yaqin kunlarda Samarqandda Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik masalalariga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tadi. Ushbu konferensiyada biz “yashil” va raqamli iqtisodiyot sohasida aniq takliflarni taqdim etamiz.