O‘zbekiston va Turkmaniston keyingi yillar davomida amaliy hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida katta natijalarga erishdi

O‘zbekiston va Turkmaniston keyingi yillar davomida amaliy hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida katta natijalarga erishdi

TOSHKENT, 21-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bugun Ashxobodda tor doirada muzokara o‘tkazdilar, deb xabar bermoqda  “Dunyo” AA muxbiri.

 

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, Prezidentlar qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan ikki tomonlama munosabatlarni yana-da mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.

Siyosiy, savdo-iqtisodiy, energetika, transport-logistika, qishloq va suv xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlikni yana-da kengaytirish masalalari muzokaralarning asosiy mavzusi bo‘ldi.

Keyingi yillarda amaliy hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida katta natijalar bo‘lgani taʼkidlandi. Oliy darajada erishilgan kelishuvlar “Yo‘l xaritasi” asosida muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari, hududlari o‘rtasida muntazam muloqotlar va sermahsul almashuvlar olib borilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedov ushbu uchrashuv O‘zbekiston bilan Turkmanistonning ko‘p qirrali strategik sherikligi rivojiga yangi surʼat bag‘ishlashiga ishonch bildirdilar.

Xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan batafsil fikr almashildi, jumladan, Markaziy Osiyoda hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.