YETTB O‘zbekiston energiya tizimini rivojlantirish uchun 47 million dollardan ziyod kredit mablag‘i ajratdi

YETTB O‘zbekiston energiya tizimini rivojlantirish uchun 47 million dollardan ziyod kredit mablag‘i ajratdi

So‘nggi yillarda O‘zbekiston bir qator xalqaro moliya institutlari bilan investitsiyaviy hamkorlikni sezilarli darajada kengaytirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri. Ular orasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Bugungi kunga kelib, YETTB O‘zbekistondagi 113 loyihaga 3,6 milliard yevrodan ortiq sarmoya kiritdi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan maʼlum qilinishicha, YETTBning O‘zbekistonga navbatdagi moliyaviy ko‘magi doirasida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga yangi elektr uzatish liniyasini qurish, milliy elektr tarmoqlarining o‘tkazuvchanligini kengaytirish va ishonchliligini oshirish loyihasini hayotga tatbiq etish uchun 47,1 million dollar miqdorida kredit ajratdi. Loyiha Erta o‘tish davri iqtisodiyotiga ega mamlakatlar jamg‘armasi va Aksiyadorlarning maxsus jamg‘armasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Mablag‘lar Xorazm va Buxoro viloyatlaridagi Sarimoy va Jonkeldi aholi yashash punktlari o‘rtasida yangi elektr uzatish liniyasini qurishga yo‘naltirilmoqda. Yangi liniya qurilayotgan, umumiy quvvati 1 Gvtli ikkita shamol elektr stansiyasini milliy tarmoq bilan bog‘laydi.

Tarmoqning shu tarzda kengayishi qayta tiklanadigan energiya manbalarini O‘zbekiston energetika tizimiga yana-da integratsiyalashuviga yordam beradi. Bu, o‘z navbatida, mavjud elektr uzatish liniyalaridagi yuklamani muvozanatlashga hamda mamlakatning shimoliy va janubi-g‘arbiy qismida elektr taʼminotidagi uzilishlar muammosini hal qilishga yordam beradi. Loyiha elektr taʼminoti tizimining quvvatini yaxshilaydi va tarmoqdagi yo‘qotishlarni kamaytiradi. Bu, ayniqsa, O‘zbekistonning tobora barqaror energiya taʼminotiga muhtoj rivojlanayotgan sanoati va aholining o‘sib borayotgan ehtiyojlari uchun juda muhimdir.

YETTB birinchi vitse-prezidenti Yurgen Rigterink taʼkidlaganidek, “O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyodagi eng ko‘p aholiga ega davlat, balki barqaror infratuzilmaviy yechimlarga muhtoj bo‘lgan mintaqadagi eng tez rivojlanayotgan iqtisodiyotdir. Bizning Bankimiz bunday loyihalarni moliyalashtirish orqali ushbu o‘sishni qo‘llab-quvvatlashga tayyordir”.