O‘zbekiston Prezidenti: Eng muhimi, xorijiy biznes yangilanishlarimizga ishondi

O‘zbekiston Prezidenti: Eng muhimi, xorijiy biznes yangilanishlarimizga ishondi

 Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Budapesht shahrida Vengriyaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda  “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmatining maʼlumotiga ko‘ra, tadbirda Vengriya iqtisodiy rivojlanish vaziri Marton Nad, Savdo-sanoat palatasi raisi Laslo Parrag, «OTP Bank» raisi Shandor Chani, shuningdek, «Gedeon Richter», “Bonafarm”, «Wizz Air», «Raba Holding», “Meditop”, «Master Good», “Kite” kabi yigirmaga yaqin eng yirik kompaniya va korporatsiyalar rahbarlari ishtirok etdi.

Taʼkidlash joizki, O‘zbekiston yetakchisining xorijiy tashriflari davomida ishbilarmonlar bilan ochiq uchrashuvlar o‘tkazish o‘zgarmas anʼanaga aylangan. Bunday tadbirlar bevosita aloqalarni yo‘lga qo‘yish, mamlakatimizning savdo-iqtisodiy muvaffaqiyatlarini ilgari surish, chet el sarmoyadorlarini o‘zaro manfaatli loyihalarga jalb etishga xizmat qiladi.

Vengriya – Yevropaning eng tez o‘sib borayotgan iqtisodiyotlaridan biri, qishloq xo‘jaligi, savdo, turizm, moliya va axborot texnologiyalari sohalarida ulkan salohiyatga ega davlat.

Keyingi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanmoqda. Oxirgi 5 yilda tovar ayirboshlash 3 barobar ko‘paydi. Qo‘shma korxonalar va investitsiyalar hajmi oshmoqda.

Uchrashuvda farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, elektronika va elektrotexnika, kimyo, to‘qimachilik, charm tarmoqlari va avtomobilsozlik kabi sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.

O‘zbekistonda iqtisodiyotning barcha soha va tarmoqlarini tubdan takomillashtirish, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari keyingi yillarda O‘zbekiston iqtisodiy siyosatining asosiy natijalarini sanab o‘tdi: valyuta bozori va foydani repatriatsiya qilish erkinlashtirildi, davlat aktivlari va banklarni, sanoat va infratuzilma obyektlarini xususiylashtirish dasturi boshlandi, soliq tizimi isloh qilindi.

– Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida tadbirkorlar uchun maksimal darajada qulay sharoitlar yaratish, yurtimizda xorijiy biznes faoliyatini kengaytirish borasidagi ishlarni davom ettirish maqsad qilingan. Eng muhimi, xorijiy biznes yangilanishlarimizga ishondi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uchrashuvda ustuvor loyihalarni moliyalashtirish uchun qo‘shma fond tashkil etilishi va u tez fursatda ish boshlashi aytildi.

Faqat Vengriya kompaniyalari uchun mo‘ljallangan alohida sanoat zonasini yaratish va uni barcha zarur ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan taʼminlash taklif etildi.

Davlatimiz rahbarining fikricha, bo‘lajak qo‘shma loyihalar hamda ularning doirasida vengriyalik sheriklarning ilmiy ishlanmalari, konstruktorlik innovatsiyalari va texnologiyalari o‘zlashtirilishi katta sinergetik samara beradi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Vengriya delegatsiyasining har bir aʼzosi bilan alohida muloqot qildi. Aniq qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalari haqida batafsil fikr almashildi. O‘zbekiston tomoni Vengriya ishbilarmonlariga ularning investitsiya rejalarini ro‘yobga chiqarishda to‘liq ko‘maklashishga tayyorligi qayd etildi.

– Har bir tadbirkorni mamlakatimizga kelib, bugungi kunda investitsiyalar uchun eng yaxshi joy O‘zbekiston ekanligiga shaxsan ishonch hosil qilishga taklif etaman! – dedi Prezidentimiz.

Vengriya ishbilarmon doiralari vakillari, o‘z navbatida, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarga yuksak baho berdilar hamda mamlakatimiz bozoriga chiqish, istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdilar.

Kuni kecha o‘tgan O‘zbekiston-Vengriya biznes forumida umumiy qiymati 1 milliard dollardan ziyod investitsiya, savdo va moliyaviy kelishuvlar imzolangani ham tomonlar hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanligining navbatdagi yaqqol tasdig‘i bo‘ldi.

Uchrashuv yakunida ilgari surilgan barcha loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq muddatlar va masʼul ijrochilar ko‘rsatilgan kompleks “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.

O‘zbekiston vazirlik va idoralariga vengriyalik hamkorlarga yurtimizda muvaffaqiyatli tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda har tomonlama ko‘maklashish topshirildi.