O‘zbekistonda ilg‘or muhandislik bilimlari asosida ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlaydigan Oliy ilm-fan maktabi tashkil etiladi

O‘zbekistonda ilg‘or muhandislik bilimlari asosida ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlaydigan Oliy ilm-fan maktabi tashkil etiladi

TOSHKENT, 27 sentyabr. /“Dunyo” AA/. Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida arxitektura-qurilish sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga tayanib.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda bunyodkorlik ko‘lami oshdi, qurilishda murakkab texnologik yechimlar qo‘llanmoqda. Lekin soha bo‘yicha taʼlim va ilm bundan ancha ortda qolmoqda. Institutlardagi o‘quv dasturlari eskirgan. O‘qitiladigan fanlar soni chet eldagidan ham ko‘p, sifati unday emas. Taʼlim jarayoniga amaliyotchi mutaxassislar yetarli darajada jalb etilmagan. Zamonaviy fikrlaydigan injener-konstruktorlar yetishmayapti.

Shu yil 6 iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari bu masalaga alohida to‘xtalib, sohadagi oliy taʼlim muassasalarini transformatsiya qilish zarurligini aytgan edi.

Taqdimotda Toshkent hamda Samarqanddagi arxitektura institutlarining o‘quv dasturlarini isloh qilib, taʼlim sifatini xalqaro darajaga olib chiqish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Mutasaddilar mazkur institutlarning o‘quv dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish, yangi fakultetlar tashkil etish, taʼlim va ishlab chiqarishni uyg‘unlashtirish, ilmiy faoliyatni takomillashtirish rejalarini bayon qildi.

Prezident bu takliflarni maʼqullab, ustuvor vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi. Avvalo, bakalavr yo‘nalishlari sonini qayta ko‘rib chiqib, fanlarni zamonaviy shaharsozlik va texnologiyalarga moslashtirish zarurligi taʼkidlandi. O‘qituvchilar uchun malaka talablari va bitiruvchilarning kompetensiyalarini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Institutlarga xorijiy tajribaga ega malakali mutaxassislarni jalb etish, shuningdek, mahalliy professor-o‘qituvchilarni chet elga ilmiy stajirovkaga yuborish muhimligi qayd etildi. Bu borada Toshkent arxitektura-qurilish instituti Istanbul texnika universiteti bilan, Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti Yildiz texnika universiteti bilan taʼlim hamkorligini yo‘lga qo‘yadi.

Taʼlim va amaliyot uyg‘unligini taʼminlash maqsadida har bir kafedraga ishlab chiqaruvchi korxonalarni biriktirish, institutlar huzurida texnopark va inkubatsiya markazi tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Ularda energiya tejamkor qurilish materiallari yaratish, yetakchi kompaniyalar bilan mahorat darslari va amaliy treninglar o‘tkazish, ilmiy-tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, ilg‘or muhandislik bilimlari asosida ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlaydigan Oliy ilm-fan maktabi tashkil etilishi belgilandi.

Institutlar huzuridagi akademik litseylarni ham takomillashtirib, A-level darajasidagi o‘quv dasturi va metodikasini joriy etish zarurligi qayd etildi.