Jahon tahlil tuzilmalarining yetakchi ekspertlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan SHHT sammiti yakunlarini sarhisob qilishadi

Jahon tahlil tuzilmalarining yetakchi ekspertlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan SHHT sammiti yakunlarini sarhisob qilishadi

TOSHKENT, 27-sentabr. /“Dunyo” AA/. Joriy yil 29 sentyabr kuni Toshkent shahrida gibrid formatda «SHHT Samarqand sammiti: Mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik, barqaror rivojlanishga qo‘shilgan hissa» mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan Tashqi ishlar vazirligi va Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) bilan o‘zaro hamkorlikda SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi ko‘magida tashkil etiladi.

Anjumanda SHHTga aʼzo, shuningdek, AQSH, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Vengriya singari davlatlarning ekspert va tahlil doiralarining 30 nafardan ortiq taniqli vakillarining qatnashishi ham rejalashtirilgan.

Ular orasida Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi SHHT tadqiqotlari instituti direktori Den Xao, Markaziy Osiyo bo‘yicha Kembrij forumi raisi Siddxart Saksena, Yevropa istiqbolni belgilash va xavfsizlik instituti prezidenti Emmanuel Dyupyui, Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti direktori Svante Kornel bor.

O‘zbekiston nomidan mamlakatning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari (SMTI direktori Eldor Oripov, MOXI rahbari Anvar Nosirov, Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi direktori Doniyor Qurbonov, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori Umid Obidxo‘jayev) ishtirok etadi.

Kun tartibi Samarqandda bo‘lib o‘tgan SHHT sammiti yakuni, tashkilot doirasida xavfsizlikni taʼminlash, savdo-iqtisodiy aloqani faollashtirish, transport-logistika tizimida o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, madaniy-gumanitar munosabatni mustahkamlash kabi masalalarini qamrab olgan.

O‘zbekiston Prezidenti sammit doirasidagi nutqida bildirgan umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida Samarqand birdamlik tashabbusiga alohida eʼtibor qaratiladi.

Ekspertlar mazkur tashabbusning mohiyati, ahamiyati yuzasidan atroflicha fikr almashadi, g‘oyaning amaliy mazmunini boyitish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Bundan tashqari, SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlari tomonidan imzolangan konseptual hujjatlar batafsil ko‘rib chiqiladi.

Shu  va boshqa ko‘plab  muhim masalalarni konferensiyaning quyidagi to‘rt mavzusi doirasidagi sessiyalarida ko‘rib chiqish rejalashtirilgan:

1. Samarqand tashabbusi – kelgusi sivilizatsiyalararo muloqotning yangi formati;

2. SHHT mamlakatlari o‘rtasida savdo va transport-logistika tizimidagi o‘zaro bog‘liqlik yo‘nalishidagi hamkorlik istiqboli;

3. SHHT makonida xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashning dolzarb jihatlari;

4. Madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash – do‘stlik, hamjihatlik va barqaror rivojlanish garovi.

«SHHT Samarqand sammiti: Mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik, barqaror rivojlanishga qo‘shilgan hissa» xalqaro konferensiyasi o‘ta muhim ahamiyatga ega voqea natijasini har tomonlama baholash, aʼzo davlatlar o‘rtasida turli sohalarda ko‘p qirrali hamkorlikni yana-da rivojlantirish istiqbolini belgilash imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz: joriy yil 15-16 sentyabr kunlari Samarqandda tuzilma tarixiga eng yirik va nufuzli siyosiy voqea sifatida kirgan SHHT sammiti bo‘lib o‘tdi.

14 davlat yetakchisi, 10 xalqaro tashkilot rahbari ishtirok etgan tadbir davomida aksariyati strategik ahamiyatga ega bo‘lgan 44 ta hujjat imzolandi. Ushbu bitimlar tashkilotga aʼzo davlatlarning qisqa va o‘rta muddatli istiqboldagi ko‘p tomonlama hamkorligining yangi yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Shu bilan birga, Samarqand nafaqat SHHT sammiti, balki eng muhim ikki va ko‘p tomonlama muzokara o‘tkazish maydoniga aylandi. Uchrashuvlar doirasida global va mintaqaviy rivojlanishga doir dolzarb muammolar muhokama qilindi. Muzokara natijasida mintaqadagi keskinlikni pasaytirishga xizmat qiladigan muhim qarorlar qabul qilindi.

Samarqand sammiti xalqaro munosabatlar tizimida o‘zaro ishonchni tiklashga muhim hissa qo‘shdi, yaqin muloqotga, hamjihatlikka asoslangan davlatlararo va ko‘p tomonlama hamkorlikning yangi bosqichini boshlash uchun tayanch nuqtasi bo‘ldi. Natijada eng muhim mintaqaviy va global masalalar bo‘yicha mamlakatlarni birlashtirish tamoyilini aks ettiruvchi asosiy hujjat – Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi.

Deklaratsiyada mintaqaviy barqarorlik, xavfsizlik va barqaror iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash, o‘zaro transport bog‘liqligini mustahkamlash, shuningdek, madaniy muloqotni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma yondoshuvlar belgilangan.