TIV xabari: O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Nyu-Yorkda FAO rahbari bilan uchrashdi

TIV xabari: O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Nyu-Yorkda FAO rahbari bilan uchrashdi

TOSHKENT, 20-sentabr. /“Dunyo” AA/.  Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 77-sessiyasi ishtirok etish uchun Nyu-York shahriga tashrif buyurgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Bosh direktori Syuy Dunyuy bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda  “Dunyo” AA muxbiri.

 

TIV maʼlumotiga ko‘ra,  Vladimir Norov   O‘zbekiston FAOni barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun muhim global ko‘p tomonlama platforma, deb bilishini qayd etdi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va FAO o‘rtasidagi hamkorlik misli ko‘rilmagan darajada jadallashmoqda. Birgalikdagi saʼy-harakatlar natujasida FAOning O‘zbekistondagi portfeli umumiy qiymati 65 million dollar miqdoridagi 59 ta milliy, mintaqaviy va global loyihani tashkil etayotir. Mamlakatimiz Markaziy Osiyo tarixida ilk marotaba FAOning Yevropa uchun 32-mintaqaviy konferensiyasiga muvaffaqiyatli raislik qildi. 2020-2030 yillarda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash uchun mamlakatimiz va FAO o‘rtasida imzolangan Doiraviy dasturni to‘la-to‘kis amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Syuy Dunyuy Samarqand shahridagi SHHT sammiti chog‘ida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023 yili Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

FAO Bosh kotibi mamlakatimizning zamonaviy taraqqiyotini yuqori baholadi. Tashkilot oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilish, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda O‘zbekistonga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligi bildirildi.