Mehmonlar sharafiga qabul marosimi o‘tkazildi

Mehmonlar sharafiga qabul marosimi o‘tkazildi

SAMARQAND, 15-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammitida ishtirok etayotgan va taklif etilgan davlat rahbarlari bugun birgalikda “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” majmuasiga bordi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

 

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, ushbu majmuada qadimiy shaharlarimiz qiyofasi, milliy anʼanalarimiz bilan birga do‘st xalqlar bilan aloqalar tarixi ham aks ettirilgan. Xususan, Afrosiyob yodgorligi devorlarida saqlanib qolgan Koreya, Xitoy, Hindiston va boshqa mamlakatlar elchilarini qabul qilish marosimi tasvirlaridan foydalanilgan.

Bunday maʼno-mazmun, tarix va bugungi kun uyg‘unligi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Shu yerda Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo mamlakatlar yetakchilarining tashrifi sharafiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan qabul marosimi o‘tkazildi.

Davlat rahbarlari o‘rtasida samimiy muloqot bo‘ldi. Ular Samarqand sammiti yuksak saviyada o‘tayotgani, bugun ikki tomonlama uchrashuvlarda muhim kelishuvlarga erishilganini qayd etdilar.

Sahnadagi kuy-qo‘shiqlarda o‘zaro hurmat va do‘stlik, tinchlik, mehr-muhabbat kabi umumbashariy qadriyatlar tarannum etildi.

Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasidagi asosiy tadbirlar 16 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi.