15-16 sentyabr kunlari O‘zbekiston Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitini qabul qiladi

15-16 sentyabr kunlari O‘zbekiston Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitini qabul qiladi

15-16 sentyabr kunlari Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining 22-majlisi tadbirlari bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbarining Matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, Sammit ishida SHHTga aʼzo mamlakatlar – Pokiston Islom Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Hindiston Respublikasi, shuningdek, tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlatlar – Belarus Respublikasi, Mo‘g‘uliston va Eron Islom Respublikasi yetakchilari ishtirok etadi.

Faxriy mehmon sifatida Turkiya Respublikasi, Ozarbayjon Respublikasi, Turkmaniston va Armaniston Respublikasi, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, boshqa nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari taklif etilgan.

Samarqand sammitining kun tartibiga muvofiq ko‘p tomonlama hamkorlikni yana-da kengaytirishning dolzarb masalalari, SHHTni rivojlantirishning amaliy jihatlari va ustuvor vazifalari ko‘rib chiqiladi. Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashiladi.

Yakunda tashkilot faoliyatini kengaytirish va ustuvor sohalardagi mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan salmoqli hujjatlar to‘plamining imzolanishi kutilmoqda.

Taʼkidlash joizki, bo‘lajak majlis SHHT yetakchilarining 2020 yilda koronavirus pandemiyasi boshlanganidan so‘ng o‘tgan oxirgi uch yilda birinchi yuzma-yuz uchrashuvi bo‘ladi.

Shuningdek, sammit O‘zbekiston Respublikasining SHHTdagi raisligiga yakun yasaydi. O‘tgan davrda 80 dan ortiq yirik tadbir o‘tkazilgan.