O‘zbekiston Prezidenti Buyuk Britaniya Qirolichasining vafot etgani munosabati bilan taʼziya izhor etdi

O‘zbekiston Prezidenti Buyuk Britaniya Qirolichasining vafot etgani munosabati bilan taʼziya izhor etdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi Qiroli Karl Uchinchiga uning volidai muhtaramasi Qirolicha Yelizaveta Ikkinchi olamdan o‘tgani munosabati bilan hamdardlik izhor etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri davlatimiz rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadovning telegram-kanali orqali tarqatgan maʼlumotga tayangan holda.

“Ul zot 70 yildan ortiq vaqt davomida mamlakat yaxlitligi va jadal rivojlanishining ramzi bo‘lib kelgan, Qirollikning global iqtisodiyot va siyosatda yetakchi davlatlardan biriga aylanishiga, uning xalqaro maydondagi obro‘ va eʼtiborini har tomonlama oshirishga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk davlat arbobi edi”, deyiladi davlatimiz rahbarining taʼziyanomasida.

Prezidentimiz ushbu musibatli damlarda Qirolga, oilasining barcha aʼzolariga va butun Buyuk Britaniya xalqiga taskin so‘zlarini bildirdi hamda sabr-toqat va bardamlik tiladi.