O‘zbekiston TIV rahbari Global sayyohlik forumida so‘zga chiqdi

O‘zbekiston TIV rahbari Global sayyohlik forumida so‘zga chiqdi

TOSHKENT, 7 sentyabr. /“Dunyo” AA/. Kecha Bryussel shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov boshchiligidagi delegatsiya “Yevropa yetakchilari sammiti-2022” Global sayyohlik forumida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

TIV maʼlumotiga ko‘ra, Butunjahon sayyohlik forumi instituti tomonidan tashkil etilgan tadbirda mazkur Institut bosh kotibi Tolib Rifoiy va prezidenti Bulut Bagchi, Yevropa parlamenti deputatlari, dunyoning yetakchi siyosatchilari, turizm sohasi, aviatsiya organlari va transport kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

Forum davomida turizmni rivojlantirishga ko‘maklashish, sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, xalqaro miqyosda mamlakatlar imijini targ‘ib qilish va qo‘llab-quvvatlash, chet elda milliy sayyohlik brendini rivojlantirish maqsadida ilg‘or bilim va ko‘nikmalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston delegatsiyasi “Investitsiyalar, o‘zaro bog‘liqlik va mehmondo‘stlik” mavzusida maʼruza bilan so‘zga chiqib, mamlakatimizning sayyohlik salohiyati, milliy iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridan biri bo‘lgan turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar haqida maʼlumotlarni taqdim etdi.

O‘zbekiston madaniy merosi va sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan lavhalar namoyish etildi.

Forum ishtirokchilari O‘zbekistonda turizm jabhasini rivojlantirish, mamlakatning bu boradagi salohiyatini oshirish, uni jahon sayyohlik markazlaridan biriga aylantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlarni yuqori baholadilar.

Tadbir ishtirokchilari 2023 yilda Xiva va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tadigan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” turizm forumi hamda Butunjahon sayyohlik tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-sessiyasiga taklif etildi.