SHHT Bosh kotibi Chjan Min: tinchlik, xavfsizlik va mintaqa barqarorligi ko‘p jihatdan SHHT mavjudligi bilan bog‘liqdir

SHHT Bosh kotibi Chjan Min: tinchlik, xavfsizlik va mintaqa barqarorligi ko‘p jihatdan SHHT mavjudligi bilan bog‘liqdir

SHHT Bosh kotibi Chjan Min Xitoyning “CGTN” xalqaro yangiliklar telekanaliga bergan intervyusida SHHTga aʼzo davlatlarning Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlash borasidagi saʼy-harakatlari ushbu mamlakatni tinch yo‘l bilan qayta qurishga hissa qo‘shishiga umid bildirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA  muxbiri.

– O‘tgan yili SHHTga aʼzo ko‘plab davlatlar afg‘on xalqini har tomonlama qo‘llab-quvvatladi, qishdan omon qolishlariga yordam berdi, oziq-ovqat xavfsizligi muammolarini hal qildi va bu mamlakatning tiklanish ishlariga ko‘maklashdi. Baʼzi mamlakatlar Afg‘oniston bilan hamkorlikni rivojlantirishga kirishdilar, masalan, o‘zaro transport bog‘langanligi sohasida. O‘ylaymanki, bu harakatlar mamlakatning qayta tiklanishi uchun foydali bo‘ladi.

Afg‘oniston masalalari bo‘yicha hamkorlik SHHT mavjud bo‘lgan dastlabki kunlardan boshlaboq tashkilot faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelmoqda. Mintaqada barqarorlik faqat Afg‘oniston masalasi hal qilinganidan keyingina bo‘ladi. Shuning uchun ham bu davr oralig‘ida SHHT Afg‘oniston masalasiga doimo katta eʼtibor, katta ahamiyat qaratgan, shuningdek, bu muammoni hal etish uchun turli vositachilik harakatlarni amalga oshirgan. O‘ylaymanki, mintaqadagi tinchlik, xavfsizlik va barqarorlik ko‘p jihatdan SHHTning mavjudligi bilan bog‘liqdir. SHHTga aʼzo davlatlar Afg‘onistonni mustaqil, tinch, betaraf va demokratik davlat sifatida tiklanishiga sodiqligini tasdiqlamoqda.

Afg‘oniston afg‘on jamiyatining barcha etnik, diniy va siyosiy guruhlari vakillari ishtirokida inklyuziv hukumat tuzmog‘i kerak. Biz ham Afg‘oniston terrorizm va giyohvandlikdan xoli tinch mamlakatga aylanishini orziqib kutamiz. SHHT ushbu maqsadga erishish uchun barcha saʼy-harakatlarni amalga oshiradi. O‘ylaymanki, maqsadimiz Afg‘onistonni tinch, xavfsiz va rivojlanayotgan mamlakatga aylantirish, deya taʼkidladi Chjan Min.