Germaniyadagi vatandoshlar bilan mamlakatimiz mustaqilligining 31 yilligi nishonlandi

Germaniyadagi vatandoshlar bilan mamlakatimiz mustaqilligining 31 yilligi nishonlandi

Mamlakatimizning eng ulug‘ bayrami “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” g‘oyasi asosida nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijdagi ko‘plab davlatlarda tahsil olayotgan yoki mehnat qilayotgan  vatandoshlarimiz tomonidan ham keng nishonlanmoqda. Shunday tadbirlarning biri Germaniyaning Shimoliy Reyn-Vestfaliya o‘lkasining Kyoln shahrida o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

 

O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi, Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasi, ushbu mamlaat hududida faoliyat yuritayotgan vatandosh xotin-qizlar tashkil qilgan “Sharqona” madaniy jamiyati bilan hamkorlikda uyushtirilgan tadbirda 150 nafardan ortiq Germaniyaning turli oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan talaba yoshlar, professor-o‘qituvchilar, vaqtincha mehnat faoliyatini olib borayotgan vatandoshlarimiz, mahalliy aholi vakillari qatnashdi.

Tadbir davomida milliy kuy va qo‘shiqlar, ko‘ngilochar musobaqalar, aql va bilimdonlikni aniqlash viktorinalari tadbirga yana-da fayz bag‘ishladi. Turli noz-neʼmatlar bilan bayramona yoyilgan dasturxon atrofida yig‘ilgan vatandoshlarimiz milliy taomlarimiz bilan birga o‘zbek palovidan ham bahramand bo‘ldi.

Shahlo Halilova, “Sharqona” jamiyati raisi:

– Kyoln shahrida Vatanimiz mustaqilligining 31 yilligini nishonladik. Tadbirda qatnashgan vatandoshlarimiz nemis do‘stlarimiz bilan birgalikda bayramni ko‘tarinki ruhda o‘tkazishda o‘rnak bo‘ldi. Bugungi tadbirimizda turli konkurslar, milliy qo‘shiqlarimiz, teatr ko‘rinishlari, viktorina bahslari barcha qatnashchilarimizni kayfiyatini ko‘tardi.

Xalqimiz tinch va faravon, osmonimiz musaffo bo‘lsin, keyingi bayram tadbirlarini yana-da ko‘tarinki ruhda nishonlash nasib etsin!

Mirzohid Boboqulov,  logistika soxasi bo‘yicha menejer:

– Bugungi tadbirimizga nafaqat o‘zbekistonlik vatandoshlarimiz, balki Yevropaning turli mamlakatlaridan ham mehmonlar tashrif buyurdi. Tadbirning eng qizg‘in nuqtasi sifatida yurtimizning turli viloyatlari uslublarida tayyorlangan o‘zbek palovlari dasturxonlarga tortilib, bayramimiz ajoyib o‘tdi.

Fursatdan foydalanib, men barchani mustaqilligimizning 31 yillik bayrami bilan samimiy tabriklayman!

Shtefan Buxler, “Timber Group” qurilish kompaniyasi rahbari:

– O‘zbekistonga turistlar guruhlarini yuborish bilan shug‘ullangan edim. Ushbu davrda turmush o‘rtog‘imni uchratdim va men o‘zbeklar bilan qalban bog‘landim.

O‘zbek madaniy tadbirlarida doimo ishtirok etib kelamiz. Bugun ham O‘zbekistonning Berlin shahridagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan mustaqillik bayrami shodiyonasini birgalikda nishonlayapmiz.

Hamma mehmonlarning yuzlarida hursandchilikni ko‘rdim. Barcha o‘zbekistonliklarni bayram bilan muborakbod etaman!