O‘zbekiston TIV rahbari Konrad Adenauer nomidagi jamg‘arma raisi bilan uchrashdi

O‘zbekiston TIV rahbari Konrad Adenauer nomidagi jamg‘arma raisi bilan uchrashdi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov Konrad Adenauer nomidagi jamg‘arma raisi Norbert Lammert bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

TIV maʼlumotiga ko‘ra, suhbat chog‘ida O‘zbekiston bilan Jamg‘arma o‘rtasidagi turli sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Norbert Lammert Jamg‘arma O‘zbekistonda jamiyat hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohot va yangilanishlarni qo‘llab-quvvatlashini taʼkidladi. Osiyo davlatlari vakillari uchun jamg‘armaning yillik anjumani o‘tkaziladigan joy sifatida aynan Toshkent shahrining tanlangani buning yorqin tasdig‘idir.

Jamg‘arma rahbari tashrifi davomida O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan muzokaralarning samarali natijalarini taʼkidladi. Shu nuqtayi nazardan, jamg‘arma bilan O‘zbekiston parlamenti va siyosiy partiyalari o‘rtasida yaqin hamkorlikni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.

O‘zbekiston-Germaniya munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan tadbirlar jadvali bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Jamg‘arma raisi o‘zaro hamkorlikni, jumladan, tajriba almashish va tashriflar tashkillashtirish amaliyotini davom ettirish orqali yana-da kengaytirishga tayyorligini bildirdi.

Iqtisodiyot, ekologiya, ilmiy-tadqiqot sohalarida, qonun ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish, inson huquqlari va gender tengligini taʼminlash, davlat idoralari va nodavlat tashkilotlari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.

Jurnalistlar malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Fondning “Yosh jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash” va “Professional jurnalistlarni tayyorlash” dasturlarida O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari vakillarining ishtirokini tashkil etishdan o‘zaro manfaatdorlik bildirildi.

Muzokaralarda mintaqaviy va global kun tartibidagi dolzarb masalalar ham ko‘rib chiqildi.