TABRIKNOMA

TABRIKNOMA

Qadrli yurtdoshlar, sizni xalqimizning ulug‘ va aziz bayrami – O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 31 yilligi bilan samimiy muborakbod etamiz! Ushbu kunda xalqimizning matonati va jasorati bilan amalga oshirilgan ulkan ishlarni esga olishimiz tabiiydir. 1991 yil 31 avgust kuni mamlakatimiz hayoti va taqdirida tub burilish yasagan buyuk tarixiy voqea yuz berdi. Necha yillar davomida kelajakka katta umid va ishonch bilan qarab, hamisha sabr-matonat bilan yashagan xalqimiz ulug‘ orzusiga erishdi – o‘zining davlat mustaqilligini qo‘lga kiritdi. Mustaqillik bizga milliy o‘ziga xosligimizni, or-nomus va g‘ururimizni, milliy qadriyatlar, urf-odat va an’analarimiz bilan faxrlanish hissini qaytargan bayram sifatida ko‘nglimizda abadiy qoladi. Shunday qutlug‘ bayramda yurtimizga tinchlik, barchangizga sihat-salomatlik, oilangizga farovonlik tilab qolamiz! Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!