O‘zbekiston TIV rahbari Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik Kengashi bosh kotibi bilan uchrashdi

O‘zbekiston TIV rahbari Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik Kengashi bosh kotibi bilan uchrashdi

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik Kengashi bosh kotibi Naif al-Hajraf bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

 

TIV maʼlumotga ko‘ra, uchrashuvda so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi va unga aʼzo mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar sezilarli darajada faollashib, yangi amaliy mazmun bilan boyib borayotgani taʼkidlandi.

Ilgari erishilgan kelishuvlar, jumladan, 2021 yilda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik Kengashi Bosh kotibiyati o‘rtasida o‘zaro maslahatlashuvlar mexanizmi bo‘yicha Anglashuv memorandumi doirasidagi kelishuvlarni amalga oshirishning borishi ko‘rib chiqildi.

Naif al-Hajraf Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik Kengashi O‘zbekistonni mintaqadagi asosiy davlatlardan biri deb bilishini hamda mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholashini taʼkidladi. Kengashning O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishida mavjud ulkan salohiyatdan yana-da samarali foydalanish hamda tomonlarni qiziqtirgan barcha sohalarda aloqalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rishga tayyorligi taʼkidlandi.

Bo‘lajak tadbirlar jadvali yuzasidan fikr almashildi. Ikki mintaqa o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladigan “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik Kengashi” strategik muloqotining joriy yildagi birinchi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rishga alohida eʼtibor qaratildi.

Xalqaro va mintaqaviy dolzarb masalalar, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyat muhokama qilindi. Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik Kengashi bosh kotibi yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya yakunlarini ijobiy baholadi. O‘zbekiston tomonidan ushbu mamlakatga ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar yordam ko‘rsatish borasida amalga oshirilayotgan amaliy ishlar muhimligi qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz: Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik Kengashi – Bahrayn, Qatar, Kuvayt, Birlashgan Arab Amirliklari, O‘mon va Saudiya Arabistoni aʼzolari bo‘lgan mintaqaviy tashkilot hisoblanadi.

 Anvar Ilyosov olgan surat (“Dunyo” AA)